Jinoyat ishlari buyicha Navoiy shahar sudining ochiq sayyor sud majlisida, Karmana tuman Xalq ta’lim bo‘limi majlislar zalida pora berishga dalolat qilgan ikki nafar ayolga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi sudyasi Adiz Avezov «Gazeta.uz"ga ma’lumot berdi.

Ish holatlariga ko‘ra, S. Imomova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2018 yil 2 apreldan Karmana tumani, «Arg‘un» mahalla fuqarolar yig‘inida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy ahloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis vazifasida ishlab kelgan. U Karmana tumani Xalq ta’lim bo‘limiga qarashli 7-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi G. Aliyeva bilan jinoiy til biriktiradi.

Ular o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan egallash maqsadida A. Bo‘riyevga uning turmush o‘rtog‘ini Navoiy shahridagi maktablardan biriga ishga joylashtirib berish evaziga 500 AQSH dollari miqdoridagi pulni Navoiy shahar, Xalq ta’limi bo‘limidagi tanishlariga pora tariqasida berishi kerakligini bildiradi.

Garchi ishga joylashtirishda vakolatga ega bo‘lmasa-da, uni aldab ishonchiga kirib, 2019 yil 22 yanvar kuni Karmana tumani, «Arg‘un» MFY ma’muriy binosida A. Bo‘riyevdan 500 AQSH dollarini olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sudlanuvchi S. Imomova va G. Aliyeva dastlabki tergovda bergan ko‘rsatuvlarini tasdiqlab, sud majlisida ayblariga iqrorlik bildirib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonda ekanligi haqida ko‘rsatuv berib, suddan o‘zlariga nisbatan yengillik berishni so‘radi.

Sudda S. Imomova va G. Aliyeva ayblariga iqrorlik bildirib ko‘rsatuv bergan bo‘lsalarda, ularning ayblari sudda to‘plangan dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topdi.

Sud barcha haolatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib, dallillarga baho berib, S. Imomovani O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi «b» bandi, 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topib, unga JKning 45, 59-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi va 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Shuningdek, G. Aliyeva esa O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi «b» bandi, 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan 2 yil 3 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.