Andijon viloyatiga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev Xonobod sihatgohida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev endi ushbu tog‘li hududda yengil konstruksiyalardan mehmon uylari tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Prezident bu xizmatlar narxini kamaytirib, qamrovni kengaytirish, yana ko‘plab odamlarni ish bilan ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Shu yerda Andijon viloyatida turizmni rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Xonobod faollari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

So‘lim tabiati bilan mashhur Xonobodda bir paytlar qurila boshlagan sanatoriy qarovsiz holda qolib ketgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 2 iyunda bu yerga kelib, uni obodonlashtirish, aholi dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

O‘tgan yili bu yerda 180 o‘rinli zamonaviy sihatgoh ishga tushirildi. Davolash binolari, standart, yarimlyuks va lyuks xonalar, 6 ta apartamentda barcha sharoitlar yaratildi.

Dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan ushbu maskan toza havosi va shifobaxsh suvi bilan nafas yo‘llari, asab tizimi, yurak qon-tomir kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan. Mineral vannalar, fizioterapiya, elektroforez, galvanizatsiya, igna bilan davolash, stomatologiya, kosmetologiya, galoterapiya yo‘lga qo‘yilgan.