Atom energetikasi xalqaro agentligi (MAGATE) O‘zbekiston hukumatining respublikada atom elektr stansiyasini (AES) qurishda Rossiya normativlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi, deya xabar qildi «O‘zatom» agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov.

«Loyihani amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida Rossiya Federatsiyasi me’yor va huquqlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi, boshlovchi mamlakat sifatida yetkazib beruvchi davlatning texnik me’yorlari va qoidalaridan foydalanish MAGATE ekspertlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi», — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov Toshkentda bo‘lib o‘tgan Power Uzbekistan xalqaro ko‘rgazmasi chog‘ida.

«O‘zatom» rahbari O‘zbekiston o‘zining me’yor va qoidalar normativ bazalarini, jumladan «Tinch maqsadlarda atom energiyasidan foydalanish to‘g‘risida"gi qonunni ishlab chiqishni boshlaganini qayd etib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishdan o‘tdi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov hozirda 100 nafar talabani Moskva muhandislik-fizika instituti (MIFI) Toshkent filialiga qabul qilishga tayorgarlik ketayotganini xabar qildi. U yoshlarni kirish imtihonida faol ishtirok etishga chaqirib, sinovlar fizika, matematika va rus tilidan bo‘lib o‘tishini ta’kidladi. Boshqa qabul shartlari yaqin vaqtlarda e’lon qilinadi.

«MIFI filialialining barcha bitiruvchilari agentligimizga qabul qilinadi, atom energetikasida 60−85 yilga kafolatlangan yaxshi istiqbolli ish mavjud», — dedi «O‘zatom» rahbari.

Agentlik bosh direktori yil oxiriga qadar «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan «kaliti bilan topshirish» usulida AES qurilishi bo‘yicha EPC-shartnomasi tuzilishini ma’lum qildi.