2019 yil 15 may kuni soat 13:00 larda Qo‘shrabot tumani «Do‘stlik» mahallasi hududida joylashgan fermer xo‘jaligi yer maydonidan «Damas"ning o‘rta va orqa o‘rindiqlarida Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida yashagan, fermer xo‘jaligi ishchisi A.X. (1969 y.t.), uning turmush o‘rtog‘i, uy bekasi Z.X. (1974 y.t.), o‘g‘illari J.I. (1998 y.t.), A.I. (2002 y.t.) va O.I. (2004 y.t.)ning murdalari, har birining bosh va yuz sohalarida og‘ir tan jarohatlari, ya’ni qotillik alomatlari bilan topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Voqea joyiga zudlik bilan Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari, Bosh prokuratura O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hamda tezkor-tergov guruhi a’zolari chiqdilar.

Mazkur holat yuzasidan shu kunning o‘zida Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda mazkur mudhish jinoyatni fosh etish uchun barcha zaruriy tezkor-qidiruv va tergov harakatlari tun-u kun amalga oshirilmoqda.

Tergovning borishi ustidan Bosh prokurorning alohida nazorati o‘rnatildi.