Toshkent shahar hokimligida Parijning siyosiy va tashqi ishlar markazi direktori Faben Baussart bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deyiladi poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati bergan xabarda.

Uchrashuvda Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, ular faoliyatini rag‘batlantirish va himoya qilish uchun qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, biznesni rivojlantirish tizimi va sharoitlari borasida ma’lumot berdi.

Shuningdek, qator mamlakatlar uchun viza olish tartibi soddalashtirilgani dunyo davlatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar yaratganini ta’kidladi.

Parijning siyosiy va tashqi ishlar markazi direktori Faben Baussart o‘zbek — fransuz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini bildirdi.

Fransiya ishbilarmonlarida O‘zbekiston, xususan, Toshkent bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish borligini ma’lum qilib, qurilish va turizm sohasida hamkorlik qilishni taklif etdi.

O‘z navbatida Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov poytaxt hokimligi yuqori texnologiyalarga ega Fransiya bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikda investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, sayyohlar oqimini ko‘paytirishga tayyorligini bildirdi.