O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida rahbarlik faoliyatini boshlagan Rustam Shoabdurahmonov bugun birinchi ish kunida olimpiya o‘yinlari oilasiga kirgan barcha sport federatsiya va assotsiatsiyalar mutasaddilari bilan uchrashuv tashkil qildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Unda ko‘rilgan asosiy masala Tokio olimpiadasiga olib boriladigan tayyogarlik dasturini ko‘rib chiqib, sohadagi muammolarni bartaraf etishga qaratildi.

Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov, MOQ bosh kotibi Jasur Matchanov, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari mutasaddi va mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

«Oldimizda Tokio olimpiadasi turibdi. Vaqt ham oz qolgan. Bartaraf etishimiz kerak bo‘lgan muammolar yetarli. Kecha ham aytganimdek, biz bu borada hamjihatlikda ishlashimiz kerak. Hozir bir necha oy qiynalamiz. Ammo shu qiyinchilikdan o‘tib olsak, keyin ishimiz ancha yengil bo‘ladi. Hali har bir federatsiya vakillari bilan alohida yaqindan tanishib chiqaman. Bungacha qilichbozlik federatsiyasida faoliyat olib borganim bois, sohadagi vaziyat menga ayon. Endi qolgan federatsiyalar bilan ham shug‘ullanib chiqamiz. Shuningdek, hayolimizda faqat Tokio olimpiadasi bo‘lib, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarini ham tashlab qo‘ymasligimiz kerak. Axir keyingi olimpiadaning negizini shular tashkil etadi. Ular haqida biz qayg‘urmasak, hech kim o‘ylamaydi», — dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Darxaqiqat, 2019 yil sportimiz uchun g‘oyatda mas’uliyatli davr hisoblanadi. Zero, Tokio-2020 olimpiya o‘yinlari uchun aksariyat litsenziyalarni atletlarimiz aynan joriy yilda qo‘lga kiritishlari zarur. Bugungi uchrashuvda MOQ prezidenti mutasaddilarga fursatni qo‘ldan boy bermay tayyorgalik ishlarini jadallashtirish, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari sifatini oshirish, murabbiylar malakasini oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yig‘ilishda olimpiya o‘yinlari dasturiga kirgan boks, gimnastika, og‘ir atletika, dzyudo, suzish, ot sporti, karate, o‘q otish, kamondan otish, taekvondo WT, zamonaviy beshkurash va regbi federatsiyalari mutasaddilarining fikrlari birma-bir eshitib chiqildi va muammolarni bartaraf etish borasida tegishli ko‘rsatmalar berildi.