O‘zbekiston mamlakatda inson huquqlari bo‘yicha vaziyatni yaxshilash bo‘yicha sa’y-harakatlarni «ba’zi yutuqlar bilan» davom ettirdi, deyiladi Yevropa Ittifoqining 2018 yilda dunyoda inson huquqlari va demokratiya to‘g‘risidagi hisobotida.

YeI ro‘yxatidagi qariyb barcha mahkumlar ozod qilindi, ammo ular reabilitatsiya qilinmadi — ular hamon erkin harakatlanish va ishga joylashishda ma’muriy to‘siqlarga duch kelmoqda, deyiladi hujjatda.

Paxta yig‘im-terimida majburiy mehnat, jumladan bolalar mehnatiga qarshi Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa sheriklar bilan hamkorlik davom ettirilmoqda. Ilk bor fuqarolardan iborat faollar tomonidan mustaqil monitoring o‘tkazildi, uning natijalari manfaatdor doiralar bilan muhokama qilindi.

Fuqarolik jamiyati tashkilotlari uchun ro‘yxatga olish va hisobot berish qoidalari soddalashtirildi, biroq ularni amalga oshirishda hamon so‘roqlar yuzaga kelmoqda. O‘zbekiston diniy va e’tiqod erkinligi bo‘yicha «yo‘l xaritasi"ni ham qabul qildi. «Inson huquqlari bo‘yicha qator qonuniy majburiyatlardan so‘ng, hozirda ushbu majburiyatlarning bajarilishi vazifasi turibdi», — deyiladi hisobotda.

Yevroittifoq O‘zbekiston hukumatining mamlakatda istiqomat qiluvchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolik berishda davom etayotganini ulkan ijobiy hodisa deb atadi.

«Ushbu yuksalishlarga qaramasdan, O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq umumiy vaziyatni yanada yaxshilash lozim», — deyiladi hujjatda.

YeI fikricha, fikr bildirish, axborot, diniy, yig‘ilish va uyushmalar sohalarida inson huquqlari muammolar va cheklovlar saqlanib qolmoqda. O‘zbekiston haligacha BMTning barcha hibsda saqlash joylarida samarali monitoring tizimini joriy etishga imkon beruvchi Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini ratifikatsiya qilgani yo‘q.