Butun dunyoda 50 milliondan ortiq kishi demensiya kasalligidan aziyat chekmoqda, har yili ular soni 10 million kishiga ortmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tadqiqotlarida so‘z boradi, deya xabar qildi BMT Yangiliklar markazi.

Demensiyaning eng ko‘p tarqalgan shakli Alsgeymer xastaligi bo‘lib, 60−70 foiz holat uning hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, tomirlar demensiyasiga chalinganlar ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Kasallik shakllari o‘rtasida aniq chegaralar yo‘q. Shu bois memorlarda bir vaqtning o‘zida xastalikning turli ko‘rinishlari namoyon bo‘lishi mumkin.

2030 yilgacha demensiyaga chalingan bemorlar soni 82 million, 2050 yilga kelib esa 150 milliondan oshishi mumkin. Taxminan 60 foiz bemorlar past va o‘rta darajali daromadga ega mamlakatlarda istiqomat qiladi.

Demensiya har alohida oilalar, ham mamlakat uchun umummiqyosda katta iqtisodiy zarar keltiradi. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga kelib demensiyaga chalingan bemorlarni parvarishlash xarajtlari yiliga 2 trln dollarni tashkil etadi.

Demensiyani keltirib chiqaruvchi omillar qatorida nosog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollikning yo‘qligi, chekish va alkogol suiiste’moli sanab o‘tilgan. Demensiyaning rivojlanishida gipertenziya, diabet, semizlik va depressiya ham katta rol o‘ynaydi. Ijtimoiy izolyatsiya va faol muloqotning yo‘qligi ham demensiya xavfini oshiradi.

Demensiyani davolab bo‘lmaydi, biroq uning oldini olish mumkin. Buning uchun sog‘lom ovqatlanish, zararli odatlardan voz kechish va faol hayot tarzini tanlash lozim, deydi tadqiqot mualliflari.

Tadqiqotchilar jismoniy faol bo‘lish, chekishni tashlash, alkogol iste’molini to‘xtatish, muloqot funksiyalarini qo‘llab-quvvatlash, vaznni me’yorida saqlash, ruhiy tushkunlikka qarshi dorilarni qabul qilish, arterial qon bosimi va qondagi shakar miqdorini nazorat qilishni tavsiya etmoqda.