Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Ohangaron tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Angren daryosining Ohangaron tumani, Qayirma qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi qismida fuqaro V.B. va boshqalar taqiqlangan ov quroli hisoblangan elektr qarmoq bilan baliq ovlayotganligi aniqlanib, ulardan «SEAHAWK II» nomli qayiq, elektr qarmoq, akkumulyator va 6942 dona ovlangan baliqlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining dalolatnomasiga asosan 6942 dona baliqning noqonuniy ovlanishi natijasida hayvonot yoki o‘simlik dunyosiga 281,5 mln. so‘mlik juda ko‘p miqdordagi zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan V.B. va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.