Joriy yilning 14 may kuni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasida «Rep va shu kabi yo‘nalishlarda milliy qadriyatlar uyg‘unligi» mavzusida ijodiy uchrashuv o‘tkazildi. Mazkur uchrashuvda rep va shu kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish, bu yo‘nalishlarda ijod qilayotgan ijodkorlar bilan samarali hamkorlik qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Rep yo‘nalishida ijod qilayotgan ko‘pchilik yoshlarga nisbatan salbiy qarashlar mavjudligi, shu bois bu yo‘nalishda ijod qilayotganlar borasida turli fikrlar yuzaga kelganini inobatga olib bu yo‘nalishda tarbiyaviy ahamiyatga ega ijod namunalarini ko‘paytirish orqali, uning foydali tomonlarini ko‘rsatib berish, shuningdek, bu sohada ijod qilayotgan aksariyat yoshlar faoliyatida talabchanlik va mas’uliyat, ijtimoiy jarayonlarga daxldorlik tuyg‘usini oshirishga ham uchrashuvda ahamiyat qaratildi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, joriy yilning 16−17−18 avgust kunlari Toshkent shahrida rep va didjeylarning xalqaro festivalini o‘tkazish belgilangan. Shu bois ushbu uchrashuv orqali «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi kelgusida rep ijrochilarini saralash, ularning ijodini baholash, master-klasslar o‘tkazish, original qo‘shiqlar yaratishlariga ko‘maklashish kabi tizimli ishlarni ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda «Rep yo‘nalishi» bo‘yicha leybel, telegramm bot, instagram tarmoqlarida yangi rukn ochish va ularni yangiliklar bilan to‘ldirib borish, yaxshi ijro mahoratiga ega rep ijodkorlarini saralash hamda ular orqali Vatanni ulug‘lovchi qo‘shiqlar tayyorlash va ularga klip suratga olish, telekanallarda namoyish etish, konsert dasturlariga tavsiya etish kabi ko‘plab imkoniyatlar ham yaratiladi. Mazkur davra suhbatida ishtirokchi ijodkorlar bilan fikr almashilib, rep yo‘nalishining istiqboldagi rejalari belgilab olindi.