O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat ispeksiyasida 2019 yil 13 may kuni Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasining vazir o‘rinbosari Li Goa boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlarni Xitoyga eksport qilishda fitosanitar ruxsatnomalarni taqdim etish taomillarini tezlashtirish, qovun eksporti uchun tegishli organ ruxsatomasini olish hamda polizlarga qovun holatini o‘rganuvchi xitoylik ekspertlarni jalb etish, fitosanitariya sohasida hamkorlik istiqbollarini belgilash, eksport uchun yanada qulay logistika yo‘nalishini yaratish, O‘zbekistondan Xorgos, Irkeshtom, Alashankou (Xitoy-Qozog‘iston chegarasidagi punktlar) orqali Xitoyga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, gilos eksportiga ruxsatnoma olish singari ko‘plab eksport-import masalalari muhokama etildi.

Muzokaralar doirasida «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi va Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi o‘rtasida 2019−2020 yillarda o‘simliklar karantini sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi imzolandi.

Hujjatda Xitoyga qovun, anor, uzum, limon va boshqa mahsulotlar eksporti uchun ruxsatnoma taqdim etish, fitosanitar xavflar tahlili, laboratoriya diagnostikasi va zararsizlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish yuzasidan treninglar o‘tkazish singari masalalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistondan Xorgos, Irkeshtom, Alashankou (Xitoy-Qozog‘iston chegarasidagi punktlar) orqali Xitoyga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, gilos eksporti haqida Xitoy tomoni xabardor qilindi.

Xitoy tomoni gilos importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga har bir qadoqlash qutilarida mevalarning nomi, ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan joy nomi (viloyat yoki tuman), meva bog‘i nomi, qadoq va uning ro‘yxatga olish raqami ingliz tilida ko‘rsatilishi, har bir eksport poddonining qadog‘ida o‘zbek tomoni tarafida qo‘yiladigan karantin belgisi bo‘lishi, har bir qadoqlash qutisi va poddonda «Xitoy Xalq Respublikasiga eksport qilish uchun» degan yozuv xitoy va ingliz tillarida ko‘rsatilgan bo‘lishi, giloslarning qadoqlash materiali toza, fumigatsiya qilingan hamda gigiyenik va yangi bo‘lishi, umuman, Xitoyning amaldagi tegishli fitosanitariya talablari aks etgan talabnoma matni e’lon qilingan edi.

Bugungi kunda mahalliy hokimliklar tomonidan XXR Davlat bojxona ma’muriyati uchun zarur fitosanitar infratuzilmalar barpo etish ishlari boshlab yuborilgan.

Qayd etish joizki, 2018 yilda qadoqlash sexlarining soni 5 tani tashkil etgan, joriy yilga kelib ularning soni 9 taga yetdi. Eksportchi tadbirkorlar gilosni Xitoyga mazkur sexlar orqali eksport qilishi mumkin.

Uchrashuv yakunida Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi karatin departamenti ekspertlari joriy yil 29 may kuni mamlakatimizga kelishi ma’lum qilindi. Ular qovun importiga ruxsatoma berish uchun polizlarga boradi, qovun holatini o‘rganadi, karantindagi zararkunandalarni bartaraf etish, qovun pashshasiga qarshi kurashishda feromon tutqich va boshqa vositalardan foydalanganlik darajasi hamda dala nazorati borasida olib borilgan ishlar holatini o‘rganadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22−23 aprel kunlari Pekin shahrida Bosh vazir o‘rinbosari E.G‘aniyev, «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi boshlig‘i I.Ergashev Xitoyning Bosh bojxona boshqarmasi boshlig‘i Ni Yufen bilan fitosanitar talablar asosida qator mahsulotlar eksportini amalga oshirish borasida muzokara olib borilgan. Xitoy tomoni achchiq qalampir importiga ruxsat bergan edi.