O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmoni qabul qilindi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligining telegramdagi kanali orqali xabar berildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilmoqda.

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

tadbirkorlik sub’ektlarini hamda xorijiy investorlarni, shu jumladan, videokonferensaloqa vositasida qabul qilish, shuningdek, sayyor qabullar o‘tkazish;

tadbirkorlik sub’ektlarining, shu jumladan, xorijiy investorlarning qonuniy huquqlari va manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlash;

tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni ko‘rib chiqish va mavjud byurokratik, shu jumladan, yer uchastkalari va binolar, bank kreditlari ajratish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish va boshqa masalalardagi to‘siqlarni bartaraf etish;

tadbirkorlikni rivojlantirishga va chet el investitsiyalarini jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni monitoring qilish, umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek bu sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

tadbirkorlarning muammolarini hal etish maqsadida ularni qabul qilish, umumlashtirish, monitoring olib borish va nazorat qilish uchun samarali platforma joriy etilishini nazarda tutuvchi «business.gov.uz» yagona interaktiv portali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlar va shaharlardagi Qabulxonalarni tegishli davlat xizmatlari markazlari binolarida joylashtirish nazarda tutilmoqda.