Ozarbayjonning Boku shahrida paralimpiya dzyudosi bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi turnir yakunlandi. Dunyoning 35 davlatidan 212 nafar para dzyudochi ishtirok etgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli qatnashdi. Bu haqda Olamsport.com xabar berdi.

Ikkinchi kungi bahslarda 4 dzyudochi tatamiga chiqqan bo‘lsa, ulardan 3 nafari sovrindorlar safidan joy oldi. Erkaklar o‘rtasidagi +100 kg vazn toifasidagi bahslarda tatamiga chiqqan Shirin Sharipov barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Ayollar o‘rtasida -63 kg vazndagi bellashuvlarda o‘z mahoratini namoyish etgan Nafisa Sheripboyeva ham shoxsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. -70 kg vazn toifasidagi Vasila Aliboyeva esa bronza medali bilan taqdirlandi. -100 kg vaznda ishtirok etgan London-2012 paralimpiya o‘yinlari kumush medali sovrindori Sharif Halilov ilk uchrashuvdayoq ozarbayjonlik Kanan Abdullaxanliga yutqazib qo‘ydi.

Shu tariqa, 4 ta oltin, 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi 35 davlat orasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Mezbonlar Ozarbayjon terma jamoasi 3 ta oltin, 4 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan ikkinchi o‘rinni band etishdi. Kuchli uchlikka 1 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan Ukraina dzyudochilari yakun yasashdi.

O‘zbekistonlik dzyudochilarning so‘nggi kun natijalari:

+100 kg vazn toifasi

1. Shirin Sharipov (O‘zbekiston)

2. Muhammadrizo Xeyrollahzoda (Eron)

3. Revaz Chikoidze (Gruziya)

3. Kento Masaki (Yaponiya)

-63 kg vazn toifasi

1. Nafisa Sheripboyeva (O‘zbekiston)

2. Olga Pozdnisheva (Rossiya)

3. Xanim Xuseynova (Ozarbayjon)

3. Yu Ye Vang (Xitoy)

-70 kg vazn toifasi

1. Fabiola Ruvalkaba Alvares (Meksika)

2. Alana Martins (Braziliya)

3. Vasila Aliboyeva (O‘zbekiston)

3. Olga Zabrodskaya (Rossiya)