Ayni daqiqalarda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Sud organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda, deyiladi agentlikning telegramdagi kanalida e’lon qilingan xabarda.

Tadbirda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov so‘zga chiqdi.

«Sud tizimi shu paytgacha eshiklari yopiq idora edi. Hozir esa sud binolariga barcha fuqarolar, jumladan, jurnalistlar ham kirib chiqishi mumkin bo‘ldi».

«Matbuot xizmatimiz bor-yo‘g‘i 2 kishidan iborat. Viloyatlarda ham axborotga mas’ul vakillarimiz yo‘q».

«Kameralar qarshisida jurnalistlarning savollariga javob berish osonmas. Sudyalarimiz bunga endi-endi o‘rganishyapti».

«Jurnalistlar bilan hamkorlik qilishdagi eng katta muammo — berilayotgan materiallarning haqqoniyligini ta’minlash. Qonuniy kuchga kirmagan narsani matbuotda chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q».

«Jurnalistlarning sud majlisiga kiritilmagani haqida menga hech qanday shikoyat kelib tushmagan. Agar shunday holatlar bo‘lsa, biz muammoni hal qilib beramiz».

«Axborot erkinligi va jurnalistlar faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni qayta ko‘rib chiqish kerak».

«Sudyalarimizning o‘zi ham ko‘p yanglishadi. Hali qonuniy kuchga kirmagan hujjatlarni asos qilib gapirib qolishadi. To‘g‘ri, ular yosh, o‘zini ko‘rsatgisi keladi. Lekin professional etikaga rioya qilish kerak».

«Ochiq sud majlislariga OAV vakillari kiritilishi mumkin. Sizning (*jurnalistlarning) faoliyatingizga hech qanday to‘sqinlik qilinmaydi, faqat ichki tartibga rioya qilsangiz, kifoya. Yopiq sud majlislarida esa jurnalistlar ishtirok etishi mumkin emas. Yopiq sud majlislariga hatto meni ham kiritishmaydi».