O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni imzolagan farmonda Navoiy viloyati 2030 yil 1 yanvarga qadar innovatsion, yuqori texnologiyali, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarish uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilandi. EIZ amal qilish muddati uzaytirilishi mumkin.

Navoiy viloyatini EIZ sifatida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida innovatsion faoliyatni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, kimyo va qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha klasterlar tashkil etish, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish va boshqalar keltirib o‘tilgan.

«Navoiy EIZ» ishtirokichisi maqomini olgan korxonalar quyidagi to‘lovlardan ozod etiladi:

  • yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovidan;
  • o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan uskunalar, xom ashyo, material va butlovchi qismlar uchun boj to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod qilingan mablag‘lar yangi ish o‘rinlari yaratish, shuningdek modernizatsiya, texnik va texnologik qayta jihozlash, ishlab chiqarish binolarini qurish, o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan xom ashyo va materiallar sotib olish maqsadlariga sarflash sharti bilan;
  • belgilangan tartibda shakllantiriluvchi ro‘yxat bo‘yicha respublikada ishlab chiqarilmaydigan va va lohihalarni amalga oshirish doirasida olib kelinuvchi qurilish materiallari uchun boj to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun to‘lovlardan tashqari).

Yuqorida sanab o‘tilgan imtiyozlar kiritilgan investitsiya hajmidan kelib chiqqan holda 3 yildan 10 yilgacha muddatga quyidagi tartibda taqdim etiladi:

300 ming dollardan 3 mln dollargacha — 3 yil muddatga;

3 mln dollardan 5 mln dollargacha — 5 yil muddatga;

5 mln dollardan 10 mln dollargacha — 7 yil muddatga;

10 mln dollar va undan yuqori — 10 yil muddatga so‘nggi 5 yilda foyda solig‘i va yagona soliq to‘lovi amaldagi stavkalardan 50 foiz past hajmda qo‘llangan holda.

Chet el sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar muassislari — «Navoiy» EIZ ishtirokchilari va ularning oila a’zolari uchun 1 iyundan mamlakat hududida amal qilish muddatini uzaytirish imkoni bo‘lgan 3 yillik «investitsion viza» joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti mart oyida Navoiy viloyatiga tashrifi vaqtida hududni eksportga yo‘naltirilgan innovatsion va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uchun erkin iqtisodiy zonaga aylantirishni taklif qilgan edi.