O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirishning sifat jihatidan yangi tizimiga o‘tish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni 2019 yil 14 may kuni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Farmonga muvofiq, 2020 yildan O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi 3 yillik davrga shakllantiriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi dasturning amalga oshirilishini umumiy monitoring va nazorat qilish yuzasidan vakolatli organ hisoblanadi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi byudjetdan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarining ro‘yxatini shakllantiradi.

Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oyiga kamida bir marotaba xorijiy investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Hukumat tomonidan «Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish» avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etiladi.

Qaror bilan iqtisodiyot va sanoat vazirining investitsiya dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida infratuzilmaviy loyihalar tahlili guruhi tashkil etildi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatini yanada takomillashtirishning «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

«Yo‘l xaritasi» doirasida Investitsiya dasturlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom yangi tahrirda ishlab chiqiladi.

2019 yil 1 iyuldan investitsiya loyihalarini sifatli va o‘z vaqtida ta’minlaganlik uchun ikki lavozim maoshigacha rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi.