Ijtimoiy tarmoqlarda yeri olib qo‘yilgan fermer ayolning hokimlik vakillari bilan tortishuv chog‘ida hushidan ketgani aks etgan video tarqaldi va qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Adliya vazirligi tomonidan Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida faoliyat yuritib kelayotgan «Xolbuvi opa baraka» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Xolbuvi Tangirovaning ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘layotgan muammosi o‘rganildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hokimining 2018 yil 19 iyundagi qaroriga asosan fuqaro Xolbuvi Tangirovaga 124 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu qarorga asosan ayol fermer xo‘jaligi tashkil etib, tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 2018 yil 28 iyunda 618819-son reyestr raqami bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

2018 yil dekabr oyida Xolbuvi Tangirova ta’sischiligida jamiyat tashkil etilgan hamda tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 2018 yil 6 dekabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ajratilgan 124 gektar yer maydoni jamiyatga biriktirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi «Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan jamiyatga paxta xomashyosi, boshoqli don va boshqa mahsulotlarni, shuningdek, chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlari yetishtirishni tashkil qilish uchun Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida doimiy egalik qilish hamda foydalanish huquqi bilan 35,4 ming gektar sug‘oriladigan yer va 3,1 ming gektar baliqchilik ko‘llari ajratilishi belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi, Toshkent viloyati hokimining 2018 yil 3 dekabrdagi qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan Quyi Chirchiq tumani hokimining 2018 yil 10 dekabrda hamda 2019 yil 23 yanvarda tegishli qarorlari qabul qilingan.

Tuman hokimining 2019 yil 23 yanvardagi qaroriga asosan «TASHKENT COTTON TEXTILE CLUSTER» mas’uliyati cheklangan jamiyati tarkibiga kiradigan agrosanoat korxonalariga 37 ming 182 gektar yer maydoni ajratilgan.

Buning oqibatida, Xolbuvi Tangirovaga qarashli 124 gektar yer maydoni ushbu jamiyatga o‘tkazilgan. Biroq Xolbuvi Tangirovaga yetkazilgan zarar qoplanmagan.

Vaholanki, Yer kodeksining 86-moddasi, 5-bandida zararning o‘rni olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari ajratib beriladigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan, shuningdek, faoliyati yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlarining huquqlari cheklanishiga yoki yaqin atrofdagi yerlarning sifati yomonlashuviga olib borgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi belgilangan.

Hozirgi kunda Toshkent viloyati savdo-sanoat palatasi tomonidan fuqaro Xolbuvi Tangirovaga yetkazilgan zararni undirish yuzasidan Iqtisodiy ishlar bo‘yicha Quyi Chirchiq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Sudning 2019 yil 6 maydagi ajrimiga asosan ishni ko‘rib chiqish 22 may kuni soat 12:35 ga belgilangan.