Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qoshida tashkil qilingan Maxsus komissiyasi Surxondaryo viloyati hokimligining sug‘urta faoliyati bilan faqatgina Surxondaryo viloyatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sug‘urta kompaniyalari faoliyat yuritishi qat’iy ko‘rsatib o‘tilgan qonunga zid qarorini bekor qildirdi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi «Raqobat to‘g‘risida"gi qonunining 12-moddasida Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini amalga oshirishni yoki muayyan tovarlar ishlab chiqarishini man etishi, faoliyatiga aralashishi taqiqlanishi belgilangan.

Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan sug‘urta kompaniyalarning filiallari faoliyatiga tusqinlik qilinayotganligi to‘g‘risida sug‘urta kompaniyalarning bosh ofislari jumladan, «UNIVERSAL SUG’URTA», «ALFA INVEST» aksionerlik sug‘urta kompaniyalari tomonidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga murojaat qilingan.

Ma’lum bulishicha, Surxondaryo viloyati hokimligida 2019 yilning 7 fevralida o‘tkazilgan video-selektor yig‘ilish bayoniga asosan viloyatda sug‘urta faoliyati bilan faqatgina Surxondaryo viloyatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sug‘urta kompaniyalari faoliyat yuritishi qat’iy ko‘rsatib o‘tilgan hamda viloyatning tegishli boshqaruv va nazorat qiluvchi davlat organlariga topshiriqlar berilgan.

Sug‘urta kompaniyalarining murojaati asosida mazkur holat Qo‘mita qoshida tashkil qilingan Maxsus komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqilib Surxondaryo viloyat hokimligiga nisbatan tegishli ish qo‘zg‘atilgan. Hokimlik tomonidan qonunchilikka zid ravishda sug‘urta kompaniyalariga topshiriq berilganligi tan olingan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Maxsus komissiyasi tomonidan Surxondaryo viloyat hokimligining yuqorida tilga olingan yig‘ilish bayoni qarori topshiriqlarini bekor qilish, qonun buzilish holatini bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berilgan.

Natijada hokimlik tomonidan avval qabul qilingan yig‘ilish qarorining tegishli bandlari bekor qilinib, bu haqda Surxondaryo viloyat hokimligi 2019 yilning 8 may kuni rasmiy ravishda Qo‘mitaga ma’lum qilgan.