O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi saytida vatandoshlar uchun mamlakatdagi davlat va xususiy tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘limi ishga tushirildi, deya xabar qildi diplomatik vakolatxona matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

"O‘zbekistonda bo‘sh ish o‘rinlari" loyihasi O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda yuqori malakali mutaxassis hisoblangan vatandoshlarni ishga joylashtirishga mo‘ljallangan.

Bo‘limda ish beruvchi, faoliyat sohasi, mansabi, hududi, ish izlovchiga qo‘yilgan talablar, taklif etilayotgan maosh va bog‘lanish uchun ma’lumotlar keltirilgan. Jadvaldagi ma’lumotlar tashkilotlardan olingan so‘rovlar asosida yangilab turiladi.

Hozirda bo‘limda asosan Toshkent shahri va poytaxt viloyatida ochilgan 115 ta bo‘sh ish o‘rni keltirilgan. Barcha nomzodlar oliy ma’lumotli bo‘lishi lozim. Eng kam oylik 2,3 mln so‘mni tashkil etsa, eng yuqorisi 10 mln so‘mdan iborat.