13 may kuni Mastercard xalqaro to‘lov tizimi va Milliy banklararo protsessing markazi (MBPM) o‘rtasida maqsadlar to‘g‘risidagi memorandum imzolandi, deya xabar qildi MBPM matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Hujjat naqd pulsiz to‘lovlarni rivojlantirishga qaratilgan ikkita asosiy hamkorlik yo‘nalishini ko‘zda tutadi. Birinchisi — Humo kartalarini Mastercard xalqaro tarmog‘ida to‘lovlar uchun qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash — Humo International kartalarini ishlab chiqarish. Memorandum imzolanishi natijasida Humo International kartalarida butun dunyodagi 70 milliondan ortiq savdo shoxobchalarida to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

MBPM direktori Shuhrat Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, Humo International kartalari egalari, masalan mehmonxonalarda xonalarni band qilish, internet orqali chiptalar sotib olish va boshqa onlayn tranzaksiyalarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Humo International kartalaridan nafaqat xorijda, balki O‘zbekiston hududida ham foydalanish mumkin.

Ikkinchi yo‘nalish — jamoat transportida naqd pulsiz to‘lovlarni joriy etish. MBPM va Mastercard Toshkent metropolitenida metroda yo‘l kira to‘lovini amalga oshirishda Humo Mastercard to‘lov kartalarini qabul qilish bo‘yicha qo‘shma sinov loyihasini ishga tushirishga kelishdi.

«Tizim aloqasiz to‘lov texnologiyasi bilan birgalikda, to‘lovlar va safarlar bo‘yicha to‘liq axborot olish imkonini ham taqdim etadi. Bu, o‘z navbatida, samarali boshqaruvni amalga oshirish hamda metropoliten foydalanuvchilari uchun qo‘shimcha qulayliklarni yaratishga imkon beradi», — dedi Shuhrat Qurbonov.

«Jamoat transportida to‘lovlarni tez, sodda va xavfsiz amalga oshirish imkoniyati zamonaviy megapolislar aholisi uchun zarur va umid qilamizki, Toshkentdagi loyihamiz shahar aholisi va mehmonlarini ko‘proq naqd pulsiz to‘lovdan foydalanishga ruhlantiradi», — deya qo‘shimcha qildi Mastercardning Gruziya va Markaziy Osiyodagi bosh direktori Igor Stepanov.