Xitoy javob chorasi sifatida 1 iyundan AQSH mahsulotlariga 60 mlrd dollar hajmda oshirilgan boj to‘lovini joriy etmoqda. Bu haqda RIA Novosti xabar qildi.

2493 nomdagi tovarlarga boj 25 foiz, 1078 nomdagilarga — 20 foiz, 974 toifadagi mahsulotlarga — 10 foiz miqdorida boj solinadi. 595 nomdagi tovarlar uchun boj miqdori o‘zgarishsiz — 5 foizligicha qoladi. Xitoy hukumati AQSH Xitoy importiga boj miqdorini 10 foizdan 25 foizga oshirganidan so‘ng ushbu choralarni qo‘lladi. Boj to‘lovlari 200 mlrd dollarga yaqinroqni tashkil etadi.

Xitoy tovarlariga bojlarning navbatdagi oshirilishi manzarasida joriy haftada Vashingtonda bo‘lib o‘tgan savdo bo‘yicha Amerika-Xitoy muzokaralarining yana bir raundi natijasiz yakunlandi.

Oshirishlar manzarasida Xitoy Xalq banki yuanning dollarga nisbatan kursini birvarakayiga 0,6 foizga zaiflashtirdi. Markaziy bank ayirboshlash kursi ratsional va barqaror darajada saqlanishiga ishonch bildirdi.

Xitoy Mediakorporatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy iqtisodiyotining eksportga qaramligi 17,9 foizgacha pasaydi, mamlakat YAIM o‘sishida iste’mol ulushi koeffitsiyenti 76,2 foizni tashkil etadi. Birinchi to‘rt oy davomida tashqi bozordagi Xitoy-Amerika savdo ulushi hajmi 11,5 foizgacha qisqardi, ASEAN va YeI davlatlari bilan savdo hajmi esa tezkor o‘sishda davom etmoqda. Xitoy tomoni savdo urushida qatnashish xohishi yo‘qligini, shu bilan birga, undan qo‘rqmasligini ma’lum qildi.

Xitoy va AQSH qariyb bir yildan buyon savdo-iqtisodiy mojaroni hal etishga harakat qilmoqda. O‘tgan yil dekabr oyi boshida Donald Tramp va Si Szinpin «yarashish» to‘g‘risida kelishuvga erishgan edi. AQSH agarda Vashington va Pekin 90 kun ichida kelisha olsa, bojlarni oshirmaslikka rozi bo‘ldi. Tomonlar shu vaqtga qadar bir necha marotaba muzokaralar o‘tkazdi.