13−18 may kunlari gubernator Fil Brayant boshchiligida AQSHning Missisipi shtati delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati. Avvalroq Fil Brayant davlatlar o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilgan vaqtdan buyon O‘zbekistonga tashrif buyurgan ilk Amerika shtati rahbariga aylanishi haqida xabar berilgan edi.

Delegatsiya tarkibidan shtatning rasmiy, ishbilarmon va akademik doiralari vakillari o‘rin olgan. Ular orasida shtatni rivojlantirish Ma’muriyati ijrochi direktori Glen Makkalou, qishloq xo‘jaligi va savdo bo‘yicha komissar Endi Gibson, Milliy gvardiya qo‘mondoni, general Jenson Boylz, Alkorn universiteti prezidenti Donzel Li, Klinton shahri meri Fil Fisher, Missisipi shtati universiteti vitse-prezidenti Juli Jordan, shuningdek to‘qimachilik, paxtachilik va sanoat sohalaridagi Missisipi kompaniyalari rahbarlari o‘rin olgan.

Amerika delegatsiyasi O‘zbekistondagi qator vazirlik va idoralar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazadi. O‘zbekiston Qurolli kuchlar akademiyasi hamda missisipilik Den Petterson — Silver Leaf International kompaniyasi rahbari ishtirokida tashkil etilgan paxta klasteri faoliyat ko‘rsatayotgan Jizzax viloyatining Paxtakor tumaniga tashrif buyurish rejalashtirilgan.

16−17 may kunlari gubernator Fil Brayant va delegatsiyaning boshqa a’zolari Navoiyda birinchi O‘zbekiston-Amerika-Kanada biznes forumida ishtirok etadi. Tadbirda AQSH va Kanadadan 100 ga yaqin kompaniya vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda.

Biznes forum doirasida qator muhim hujjatlar, jumladan Zarafshon va Klinton shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risidagi kelishuvning imzolanishi kutilmoqda.