15−19 may kunlari Buyuk Britaniyaning Manchester shahrida taekvondo bo‘yicha kattalar o‘rtasida navbatdagi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Musobaqaga O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Kuni kecha O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasida musobaqada ishtirok etuvchi sportchi va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi rahbariyati, sportchilar va murabbiylar, O‘zbekiston MOQ mutasaddilari ishtirok etdi.

«Taekvondochilarimiz doimo yuqori natijalarni qayd etib kelishgan. Ishonamizki, sizlar ham bo‘lajak dunyo birinchiligida yurtimiz sharafini munosib himoya qila olasizlar. Buning uchun Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan qanday yordam kerak bo‘lsa, biz sizlarga yaratib beramiz.

Shuningdek, musobaqada sovrindor bo‘lgan sportchilarga MOQ alohida pul mukofotini va’da qiladi. Oltin medal egasiga 30 ming, kumush medal sohibiga 20 ming va uchinchi o‘rin egasiga 10 ming AQSH dollari miqdorida pul mukofoti beriladi. Sizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun biz ham Manchesterga boramiz. Nasib qilsa, birgalikda yorug‘ yuz bilan qaytamiz", — dedi Umid Ahmadjonov.