Davlat statistika qo‘mitasi turli vaqtlarda e’lon qilingan 2017-yil uchun YAIM ko‘rsatkichi bo‘yicha tafovutlar bo‘yicha izoh berdi. Avvalroq Spot.uz saytida Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi eksperti Yuriy Naumovning “Davlat statistika qo‘mitasining O‘zbekiston YAIM ko‘rsatkichi to‘g‘risidagi hisobotida nima noto‘g‘ri?” nomli maqolasi e’lon qilingan edi.

Qo‘mitaning qayd etishicha, mamlakatda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, shuningdek, statistika axborotlarining haqqoniyligi va shaffofligini ta’minlash to‘g‘risidagi mamlakat prezidentining bir qator qarorlari natijasida YAIM va uning tarkibiga kiruvchi tarmoqlar darajasini xolisona baholash imkonini beruvchi statistika uslubiyotini takomillashtirish, hisobot ma’lumotlarining to‘liqligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan doimiy ravishda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) kabi xalqaro tashkilotlarning milliy hisoblar statistikasi bo‘yicha ekspertlari jalb etilmoqda hamda ular ishtirokida xalqaro tajribani inobatga olgan holda statistik yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, statistika uslubiyotini takomillashtirish jarayonida Jahon banki, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi, BMT Xalqaro favqulotda bolalar jamg‘armasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari va texnik ko‘magidan keng foydalanilmoqda.

“2017-yil uchun YAIM ko‘rsatkichi bo‘yicha tafovutlar tarmoqlar statistikasi ma’lumotlarini qayta hisoblab chiqish natijalari bilan bog‘liq”, — deyiladi xabarda.

Davlat statistika qo‘mitasining 2018-yil yanvar oyida e’lon qilingan dastlabki baholashlariga ko‘ra, O‘zbekistonda YAIM hajmi 249,1 trln so‘mni tashkil etdi. Keyinchalik, 2018-yilning may oyida Davlat statistika qo‘mitasi YAIM hajmiga dastlabki aniqliklarni kiritdi va unga ko‘ra YAIM hajmi 254 trln so‘mni tashkil etdi. Ushbu ma’lumotlar Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy saytida, shuningdek, XVJning kengaytirilgan Ma’lumotlarni tarqatishning umumiy tizimi (k-MTUT) doirasida O‘zbekistonning yig‘ma ma’lumotlar milliy sahifasida (r-OSRD) joylashtirildi.

2019-yil yanvar oyida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan 2017 yil uchun YAIM ko‘rsatkichi keng miqyosda qayta ko‘rib chiqildi va bu asosan qishloq xo‘jaligi tarmog‘i ma’lumotlaridagi o‘zgarishlar natijasida kelib chiqdi. Bu o‘zgarishlar, bir necha yillar davomida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish hajmini hisoblashda bozor narxlariga nisbatan sezilarli darajada past bo‘lgan narxlardan foydalanilganligi bilan izohlanadi.

Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining barcha turlari bo‘yicha o‘rtacha yillik narxlar qayta ko‘rib chiqilib, bozor narxlariga o‘tkazildi. Bunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish miqdori, ya’ni natura ko‘rinishidagi hajmlari o‘zgarmadi. Masalan, 2017-yil uchun qayta baholashga qadar 1 kg donning o‘rtacha yillik narxi 648 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, qayta baholashdan keyin 1686 so‘mni, sabzavotlar qayta baholashga qadar — 895 so‘mni, qayta baholashdan keyin — 2547 so‘mni, poliz ekinlari qayta baholashga qadar — 865 so‘mni, qayta baholashdan keyin — 1128 so‘mni, tirik vazndagi mol go‘shti qayta baholashga qadar — 5986 so‘mni, qayta baholashdan keyin — 17470 so‘mni; sut qayta baholashga qadar — 577 so‘mni, qayta baholashdan keyin — 1678 so‘mni tashkil etdi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘rtacha yillik narxlari qayta hisoblab chiqilganidan so‘ng ushbu tarmoqning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 43,1 trln so‘mdan 91 trln so‘mga va mos ravishda, YAIM hajmi 254 trln so‘mdan 302,5 trln so‘mga oshdi (+47,9 trln so‘m qishloq xo‘jaligi hisobiga, +0,6 trln so‘m boshqa tarmoqlarga kiritilgan aniqliklar hisobiga).

Shu bilan birga, qayta hisoblash natijasida YAIMning o‘sish sur’atlari 5,2 foizdan 4,5 foizgacha pasaydi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligining YAIM tarmoqlari bo‘yicha tarkibidagi ulushi 19,7 foizdan 34,0 foizgacha o‘sdi, sanoatning ulushi 27,2 foizdan 22,2 foizgacha, qurilishning ulushi 6,9 foizdan 5,7 foizgacha, xizmatlar sohasining ulushi 46,2 foizdan 38,1 foizgacha kamaydi.