Facebook ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupovning O‘zbekiston prezidentiga videomurojaati e’lon qilindi. Yusupov 10 may kuni firibgarlik aybi bilan qo‘lga olingan.

Sentyabrda yozilib, ukasi tomonidan e’lon qilingan murojaatda Said-Abdulaziz Yusupov: «Agarda ushbu murojaatim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bo‘lsa men hibsda yoki Vatandan tashqarida va yoki Xudo ko‘rsatmasin baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan bo‘laman», — deydi.

U siyosiy va ruhiy bosimlar sababli 2017 yilda Turkiyaga ketishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi. «12 fevral kuni menga 13 yoki 14 fevral kuni meni hibsga olishlari to‘g‘risida xabar berishdi. Men tezda O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘ldim. Chunki o‘zining haqligini isbot qilish haq odam uchun kerak emas, nohaq bo‘lsang, aybdor bo‘lsang isbotlashga harakat qilasan».

Said-Abdulaziz Yusupov katta umidlar bilan, mamlakatni yangi darajaga ko‘tarish maqsadini qo‘lgan prezidentga yordamchi bo‘lish uchun vatanga qaytganini ta’kidlab o‘tdi. U OAVni qo‘llab-quvvatlash fondiga rahbarlik qilish taklifini juda katta xursandchilik bilan qabul qilgan edi. «Chunki egasiz qolgan soha edi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, u axborot siyosatida chin demokratik yondashuv, aql bilan nimanidir o‘zgartirishga harakat qilishga harakat qilgan. «Ayniqsa sizning imidjingizni tushirishga qaratilgan tajovuzlar, yo‘q joydan dushmalar yaratishga qaratilgan nomardona, aqlsiz ishlarni to‘xtatishga harakat qilishim ortidan yana eski tahdidlar boshlandi».

2018 yil fevral oyida IIV unga nisbatan jinoiy ish ochadi. «Tuxmatligini bilgan holatda, hech qanday dalillar bazasisiz, soxta audioyozuvlar asosida, soxta SMSlar bilan, qog‘ozga chiqarilgan SMSlar bilan jinoiy ish ochildi», — deydi Said-Abdulaziz Yusupov. Shundan so‘ng o‘zining haqsiz ekanini isbotlayotgan vaqtda farzandining maktabda ikki soat davomida yo‘qolib qolishi ortidan o‘zini himoya qilishdan voz kechib, barcha ayblarni so‘zsiz tan olishga majbur bo‘lganini ta’kidlagan.

Shunga qaramasdan u O‘zbekiston obro‘siga zarar keltiradigan biror bir ma’lumot yoki chiqish qilmagan. Turli intervyu va ko‘rsatuvlarda mamlakat rahbari yuritayotgan siyosatning naqadar og‘irligi, prezident olib borayotgan islohotlarning samimiyligi to‘g‘risida ma’lumot bergani, odamlarni ishontirganini ta’kidladi.

«Men sizning ikkiyuzlamachi ekaningizga ishonmayman, soxta siyosat olib borganingizga ishonmayman. Ammo siz boshlagan mana shu islohotlarga qarshi, ya’ni gapda boshqa, amalda boshqa ko‘rinishi uchun maxsus xizmatlar, maxsus avvaldan uyushgan guruhlar o‘z ishlarini davom ettirmoqda», — dedi u prezidentga murojaatida.

Said-Abdulaziz Yusupov bu gaplarni prezidentga yoqish yoki unga xushomad qilish aytmaganini ta’kidlab o‘tdi. «Men sizdan adolatli bo‘lishingizni, haq va botil urushida haq tarafda bo‘lishingizni istayman», — dedi va o‘z prinsiplaridan hech qachon voz kechmasligini qo‘shimcha qildi.

U, shuningdek, dindorlarni va dinni xavf sifatida ko‘rmaslik, adashganlarning to‘g‘ri yo‘lga kirishlari uchun ish olib borishga chaqirdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Yusupovga (1982 y. t.) nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qism «a» bandi (firibgarlik, juda ko‘p miqdorda) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«DXX organlariga fuqaro (jabrlanuvchi himoyasi zaruriyati yuzasidan ism-sharifi e’lon qilinmadi) murojaat qilib, Yusupov o‘zini maxsus xizmat xodisi sifatida tanishtirib, firibgarlik yo‘li bilan 65 ming, 28 ming va 15 ming dollar olganini ma’lum qilgan», — deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

2018 yilda Said-Abdulaziz Yusupov JKning 168-moddasi bo‘yicha xuddi shu jinoyat bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan. Uning «DXX xodimi sifatida tanishtirib, firibgarlik yo‘li bilan jabrlanuvchi — fuqaro Kanyazova T. K.dan 240 mln so‘m (30 ming dollar) olgani» sud tartibida isbotlangan.

O‘z suhbatdoshlari, jumladan jurnalistlarni DXX ofitseri ekaniga ishontirish uchun Yusupov maxsus kiyingan va «xizmat quroli — Makarov to‘pponchasi» bordek ko‘rsatgan. Uning xizmat xonasi protsessual tartibda tintuv qilingan vaqtda Makarov to‘pponchasiga tashqi tomondan o‘xshash Baykal gaz to‘pponchasi olib qo‘yilgan, deya xabar qildi Bosh prokuratura.

Qayd etilishicha, qo‘lga olish vaqtidan gumonlanuvchi Said-Abdulaziz Yusupovga advokat xizmatidan foydalanish imkoniyati berilgan.