Kecha Buxoro shahrida «Men sog‘lom turmush tarafdoriman» shiori ostida yurish bo‘yicha marafon va «Buxoro» sport majmuasida ommaviy badantarbiya o‘tkazildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Marafonni viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev boshqarib bordi. Shu kuni ertalab viloyat hokimi o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, korxona va tashkilot mutasaddilari va xodimlari, taniqli estrada xonandalari va kino aktyorlari, talabalar Buxoro neft va gaz sanoati kolleji yonida jam bo‘ldi.

Tadbirda boks bo‘yicha jahon chempioni Shahram G‘iyosov ishtirok etdi. O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti viloyat kengashi tomonidan yosh kartingchilarning ham ishtiroki ta’minlandi.

O‘n ming nafarga yaqin marafon qatnashchilari Buxoro neft va gaz sanoati kollejidan «Buxoro» sport majmuasiga bo‘lgan masofani bosib o‘tishdi. Majmuada esa badantarbiya mashqlari o‘tkazildi. Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev sog‘lom turmush tarzining ahamiyati xususida so‘z yuritar ekan, endilikda bu kabi tadbirlarni keng qamrovda va doimiy tarzda ravishda o‘tkazib turilishini ta’kidladi.

Sog‘lom turmush tarzining muhim shartlaridan biri bo‘lgan yurish va badantarbiya targ‘ibotiga hissa qo‘shish, bu borada aholi qiziqishini oshirishda barchani faollikka chorladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, inson salomatligi 55 foiz holatda sog‘lom turmush tarziga, 20 foizi yashayotgan ekologik muhitiga, 15 foizi irsiy omillarga, bor yo‘g‘i 10 foizi tibbiyotga bog‘liq ekan. Demak, sog‘lom turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish turli xastaliklardan xoli, chiroyli va baxtli yashash omilidir.