Toshkentning Yunusobod tumani sobiq hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Abdusamatov manzil-koloniyada besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U uch yil mas’ul lavozimlarda ishlash huquqidan ham mahrum etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Baxtiyor Abdusamatovga (1972 y. t.) nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni 13 may kuni yakuniga yetdi.

Baxtiyor Abdusamatov o‘zining so‘nggi so‘zida har doim tuman manfaatlari yo‘lida harakat qilgani va barchasini uning rivojlanishi uchun amalga oshirganini ma’lum qildi. U adolatli qaror chiqarilishini so‘radi.

Hukm sudya Zafar Nurmatov tomonidan chiqarildi. Tumanning sobiq rahbari O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-modda 2-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha aybdor deb topildi. Jazoni o‘tash muddati 2018 yil 10 sentyabrdan hisoblanadi.

Dastlabki tergov harakatlari davomida sudlanuvchi Baxtiyor Abdusamatov tomonidan yetkazilgan moddiy zararni ixtiyoriy ravishda qoplash maqsadida taqdim etilib, Davlat xavfsizlik xizmati depozit hisob raqamiga topshirilgan jami 400 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘i Baxtiyor Abdusamatovning turmush o‘rtog‘i D.Abdusamatovaga qaytariladigan bo‘ldi.

Sobiq hokim bilan birgalikda vaqtincha ishsiz O‘lmas Muxamedsaidov (1970 y. t.) va O‘zbekiston Davlat turizm qo‘mitasining «Milliy PR-markazi"ning sobiq bosh direktori Shohruh Malikov (1982 y. t.) ham sud qilindi.

«Men odamlardan pul olib, xatoga yo‘l qo‘ydim. Agar imkoniyat bersangiz, hammasini qaytarish va oilamga qaytishni xohlardim. Yumshoqroq jazo berishingizni iltimos qilaman», — dedi O‘lmas Muxamedsaidov hukm chiqarilishidan oldin.

Sud uni JKning 28-moddasi (jinoyat ishtirokchilarining turlari) orqali 168- modda 4-qism «a» bandi (firibgarlik, juda yirik miqdorda) va 211- modda 3-qism «a» bandi (pora berish, juda yirik miqdorda) bo‘yicha aybdor deb topib, umumiy tartibli koloniyada 10 yil va olti oy muddatga qamoq jazosi tayinladi.

Shohruh Malikov esa 212-modda 3-qism «a» bandi (haq evaziga yirik miqdordagi pora olish-berishida vositachilik qilish) va 211-modda 3-qism «a» bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bo‘yicha oqlandi va sud zalidan ozod qilindi. Sudya Shohruh Malikovga nisbatan reabilitatsiya tayinladi. U o‘zining so‘nggi so‘zida aybini tan olmadi.

Baxtiyor Abdusamatov 2018 yil sentyabrida o‘z xizmat xonasida yer uchastkasini ajratish uchun pora olganlikda ayblanib qo‘lga olingan edi. Keyinchalik prokuratura JKning 210-moddasi (pora olish) bo‘yicha ayblovni bekor qilishni so‘radi.

Himoya tomoni Baxtiyor Abdusamatovning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligini, qo‘lga olishda protsessual qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani va guvohlarga bosim o‘tkazilganini ma’lum qildi. Sobiq hokim esa o‘zining qo‘lga olinishi ortida Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq rahbarlari turganini ta’kidladi.

Sobiq hokimning advokati Timur Rahmatullayev «Gazeta.uz"ga agarda himoyasi ostidagi shaxs xohlasa, appelyatsiyaga berilishini ma’lum qildi. Hukmdan norozi tomon 10 kun ichida shikoyat qilishi mumkin.