Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabovning ma’lumotiga ko‘ra, endilikda DTM ruxsatnomalarini bevosita Davlat test markazi saytidan yuklab olishi mumkin. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Shu yilga qadar bu ruxsatnomani olish uchun belgilangan joyga kelish shart edi. Bu albatta, chekka qishloqlardan viloyat markazidagi yoki Toshkentdagi oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirgan abituriyentlarning ham vaqtini, ham naqdini tejab qoladi.

Joriy yil abituriyentlarning o‘qishga kirish imkoniyati yanada kengayadi. Bir paytning o‘zida uchta ta’lim muassasasi tanlanib, asosiy oliy ta’lim muassasasida imtihon topshiriladi. To‘plagan balli yetarli bo‘lsa, uchta OTMdan birida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Imtihonlar 1−15 avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, hozirda bir paytning o‘zida 70 ming abituriyentdan imtihon olish imkoniyati bor.

Darvoqe, hujjatlar 15 iyundan 15 iyulgacha Davlat xizmatlari agentligi markazlari orqali ham qabul qilinadi.