Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudi binosida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida T. Komilov va Z. Zoirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) larga nisbatan jinoyat ishi ko‘rilib chiqib, hukm o‘qildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudi raisi Alisher Saydullayev «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Muqaddam sudlangan T. Komilov Karmana tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi mehnat inspektori lavozimida ishlab kelgan. U Karmana tumani Bandlikka ko‘maklashish markazi «Vaqtinchalik bir martalik ishlar bilan ta’minlash byurosi» direktori Z. Zoirov bilan o‘zaro til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalanishgan holda fuqaro D. Ochilovni ishonchiga kiradi.

Ya’ni Navoiy shahrida joylashgan «Munjal shifer» MCHJga ishga kiritish xizmat vazifalariga kirmasa-da, uni jamiyatga qorovullik vazifasiga ishga kiritishni va’da qilib, mansabdor shaxsga pora tariqasida pul bermasa ishga kirolmasligiga ishontirib, «Munjal shifer» MCHJ rahbarlariga pora berishga qiziqtirib, undan 2 mln. so‘m pul talab qilib kelishgan.

Sudlanuvchilar 2018 yilning 19 dekabr kuni jabrlanuvchidan 1 mln. 500 ming so‘mni Karmana tumani «Varq» MFYda joylashgan yashash uyi yonida olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Jinoyat ishi yuzasidan mavjud dalillar va guvohlar ko‘rsatmalari har taraflama, sinchiklab tekshirilib, muqaddam sudlanganligini, sudlanuvchilar aybiga to‘liq iqrorligini, qilgan qilmishidan pushaymondaligini inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi JPKning normalariga amal qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi JKning
168-moddasi 3-qismi «b,v» bandlari va 28,211-moddasi 2-qismi «a» band bilan sudlanuvchi T. Komilovga JKning 59, 60, 61-moddalari tartibida
2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 3 yil 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi Z. Zoirovga JKning tegishli moddalari tartibida 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi va eng kam oylik ish haqining 60 baravari, ya’ni 12 163 800 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.