Abituriyentlardan hujjatlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi, deya xabar qildi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiy Telegram-kanalida. O‘zgarishlar O‘zbekiston prezidentining «Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida keltirib o‘tilgan.

Qarorga muvofiq, 2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab, davlat OTMlariga bakalavriatga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.

Shuningdek, test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etishi uchun EKIH yarim baravari (101 ming 365 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki bo‘limga ajratib, birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan — ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi, ikkinchi bo‘limga abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritiladi.