Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Tartib-intizom qo‘mitasi O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozaboni Ignatiy Nesterov qonida ta’qiqlangan modda aniqlangani sababli uni sakkiz oyga diskvalifikatsiya qildi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) matbuot xizmati xabar berdi.

Yanvarda 2019 yilgi Osiyo Kubogi vaqtida milliy terma jamoa darvozabonining doping tahlili ijobiy natija bergan edi. Golkiper milliy terma jamoa shifokorlari bilan suhbat vaqtida terma jamoa shifokorlarining ruxsatisiz va ularni ogohlantirmay vazn tashlashga yordam beruvchi dori qabul qilganini aytib o‘tgan.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh shifokori Abror Pirriyev futbolchi biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqaruvchilari qurboniga aylanganini ma’lum qildi.

Doping namuna natijalari to‘g‘risida yanvar oyi oxirida Ignatiy Nesterov bilan shartnoma imzolagan Saudiyaning «Uhud» jamoasi Saudiya Arabistoni Futbol federatsiyasiga jamoa darvozaboni registratsiyasini almashtirishga ruxsat so‘rab murojaat qilganidan so‘ng ma’lum bo‘ldi.

Ignatiy Nesterovning diskvalifikatsiya muddati 13 oktyabr kuni tugaydi. Darvozabon mashg‘ulotlarda ishtirok etishi hamda diskvalifikatsiya muddati tugashiga ikki oy qolgandan — 13 avgustdan boshqa jamoalar bilan shartnomalar imzolashi mumkin.

35 yoshli Ignatiy Nesterov 2002 yildan buyon 106 ta uchrashuvda O‘zbekiston termasi darvozasini himoya qildi. Osiyo Kubogida terma jamoa 1/8 finalda penaltilar seriyasida Avstraliyadan mag‘lub bo‘lib (2:4), musobaqani tark etdi.

O‘FA O‘zbekiston termasi sentyabrda 2022 yili Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati saralash uchrashuvlaridagi ishtirokini boshlaydi.