10 may kuni O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupov firibgarlikda ayblanib ushlandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qism «a» bandi (firibgarlik, juda ko‘p miqdorda) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda Said-Abdulaziz Yusupovga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishi masalasi ko‘rilmoqda.

Bosh prokuraturaning qayd etishicha, u avval ham JKning 168-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Fond direktori o‘zini yolg‘ondan Davlat xavfsizlik xizmati mas’ul xodimi deb bildirib, uzoq vaqt davomida firibgarlik yo‘li bilan odamlardan juda katta miqdorda pul olgani faktlari aniqlangan, deya ma’lum qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.