Toshkentdagi Ohangaron va Maxtumquli ko‘chalari kesishmasida O‘zbekistonda qo‘llanilmagan 3 pog‘onali yo‘l o‘tkazgich qurilishi davom etmoqda. Bugungi kunda hududda tunnel qazish ishlari yakunlanib, yo‘l o‘tkazgich tirama devorlarini qurilish-montaj jarayoni amalga oshirilmoqda, deya xabar qildi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati.

Shu vaqtga qadar inshootning estakada yo‘l o‘tkazgichida 6 ta tayanch qurilishi yakunlangan, shundan 3 tasiga rigellar montaj qilingan. Shuningdek, tunnel qismi tirgak devorlarini ko‘mish hamda xalqa qismida oraliq balkalarini o‘rnatish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari qizg‘in davom etmoqda. Jumladan, tunnel qismi bo‘yicha 85 foiz, xalqa qismi bo‘yicha 70 foiz, yo‘l o‘tkazgich qismi bo‘yicha 35 foiz bunyodkorlik ishlari bajarilgan. Obyektda 150 ming kub metrdan ortiq yer va 11 ming kub metrdan ziyod beton ishlari bajarildi.


Foto: railway.uz

Ma’lumki, mazkur bunyodkorlik loyihasi “Ko‘prikqurilishloyiha” UK hamda “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Loyihaga ko‘ra dastlab umumiy uzunligi 502, kengligi 26,7 metrni tashkil etuvchi tunnel quriladi.

Noyob inshootning ushbu quyi qismi balandligi jahon standartlariga mos ravishda 5,5 metr bo‘lib, 6 ta avtomobil yo‘lagidan iborat bo‘ladi. Ikkinchi bosqichda yer sathidan 1 metr balandlikda diametri 50 metrni tashkil etadigan doirasimon yo‘l o‘tkazgich qurish ishlari olib boriladi. Uchinchi bosqichda ushbu hududda Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog‘lovchi o‘ziga xos katta yo‘l o‘tkazgich quriladi. Yirik yo‘l o‘tkazgich 6 ta avtomobil yo‘laklariga mo‘jallangan bo‘lib uning umumiy uzunligi 593, kengligi 26 metrni tashkil etadi.

Mazkur inshootni joriy yilning ikkinchi yarmida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.