O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov o‘zining Facebook-sahifasida mamlakatda shu vaqtga qadar bloklangan saytlarga kirish to‘liq tiklangani haqida xabar berdi.

YeXHT ning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezirning O‘zbekistonda ayrim xorijiy axborot veb-resurslariga kirish imkoniyati cheklanganligi haqidagi rasmiy murojaati agentlik tomonidan o‘rganib chiqildi. Arlem Dezir aprelda O‘zbekiston hukumatini ommaviy axborot vositalari saytlarini bloklashga barham berishga chaqirgan edi.

«O‘rganish natijasida ko‘rsatilgan veb-resurslarning O‘zbekistonda to‘laqonli ishlashlariga to‘siq bo‘lgan texnik kamchiliklar aniqlandi va ularni bartaraf etish borasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi», — deb yozdi agentlik rahbari.

Xabar e’lon qilingan vaqtda «Voice of America», «Amerika ovozi», «BBC Uzbek», «Deutsche Welle», «Amnesty International», «Human Rights Watch», «Reporters sans frontieres», «Eurasianet», «AsiaTerra», «Fergana Agency», «Centre1», «Uzmetronom» kabi veb-resurslar va boshqa xorijiy veb-saytlarga kirish to‘liq tiklandi.

Shu bilan birga, Komil Allamjonov xorij ommaviy axborot vositalari, umuman, jurnalistlarni kasb etikasi tamoyillariga rioya etishlari, tasdiqlanmagan va yolg‘on ma’lumotlardan foydalanmaslikni, shuningdek, asoslanmagan, mish-mish va gumonlarni tarqatmasliklarini so‘radi.

U prezident doimo O‘zbekistonda so‘z va axborot erkinligi zarurligini ta’kidlashini qayd etib o‘tdi. «Shunga ko‘ra, Agentlik jurnalistlar mavqeini mustahkamlash, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jurnalistikasini rivojlantirish, davlat organlari shaffofligini ta’minlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida faoliyatini davom ettiradi», — dedi Komil Allamjonov.