2018 yil may oyida Toshkentning Uchtepa tumani hokimi lavozimiga tayinlangan Shuhrat Otamuhamedov vazifasidan ozod qilindi. Bu haqda poytaxt ma’muriyati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Bundan tashqari, tumandagi ikkita sektor rahbari — davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i va IIB ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i ham lavozimidan ozod qilindi.

Qayd etish joizki, 10 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumani rahbariyati va mahallalar raislari, ziyolilar hamda mansabdor shaxslar bilan uchrashgan edi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari tumanda sanoat ishlab chiqarishi Toshkent shahri ko‘rsatkichidan 2 barobar kamligi, boshqa sohalar ham eng past darajada ekanini ko‘rsatib o‘tdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, ichki yo‘llar va kommunal tarmoqlarni ta’mirlash va yoshlar masalasi bo‘yicha ko‘p ishlar qilinishi kerakligini qayd etdi. Shu maqsadlar uchun 61 ta loyihadan iborat dastur shakllantirilgani, ular hali yana ko‘paytirilishini ta’kidladi.

«Uchtepa tumanini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinadi. Unga nisbatan aniq takliflaringizni aytsangiz, bu hujjat amaliy, foydali bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda aholi takliflarini tegishli rejalarga kiritish, yaqin vaqtlarda amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.