Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Zangiota tumani bo‘limi va Toshkent viloyati bojxona xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda kompyuter qurilmalarini noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Fuqaro D.I. Qozog‘iston Respublikasida yashovchi Erlan ismli shaxs bilan oldindan til biriktirib, xorijda ishlab chiqarilgan jami 169,3 mln. so‘mlik kompyuter qurilmalarini bojxona nazoratini chetlab o‘tgan holda olib o‘tib, Zangiota tumani Eshonguzar qo‘rg‘oni hududida fuqaro Yo.S.ga 105,0 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan D.I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.