2018 yil 1 yanvardan 2019 yil 7 may kuniga qadar O‘zbekistonda 429 ta uch egizning tug‘ilishi ro‘yxatga olindi, deya xabar qildi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi.

«Gazeta.uz» axborot manbasi ma’lumotiga ko‘ra, ularning 11 tasiga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sharafiga Shavkat, Miromon va Mirziyo ismlari qo‘yilgan.

«Prezident» ismlari qo‘yilgan uch egizlar Namangan (1), Buxoro (2), Xorazm (1), Jizzax (1), Qashqadaryo (2), Andijon (1) viloyatlari, Toshkent shahri (2) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (1) tug‘ilgan.

OAVda o‘z farzandlariga prezident sharafiga ism qo‘ygan ota-oalarga prezident sog‘vasi sifatida Spark va Cobalt avtomobillari sovg‘a qilingani haqida xabarlar e’lon qilindi. Masalan, Toshkentda dekabrda tug‘ilgan uch egiz ota-onasiga Cobalt, 2019 yil martida buxorolik ota-onaga ham xuddi shunday mashina berilgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidan bo‘lgan uch-egiz ota-onasiga Spark tortiq qilindi.

OAV ma’lumotlaridan 2017 yilda tug‘ilgan uch egizlar ota-onalariga ham (Buxoro, Xorazm, Qoraqalpog‘iston) prezident sovg‘alari berilgan.

Foto: Daryo.uz.

Daryo nashrining xabar qilishicha, 1 may kuni Farg‘onada Diloromxon va Islomjon Isroilov oilasida uch egiz (bir o‘g‘il va ikki qiz) dunyoga keldi. Ota-onasi ularga Shavkatjon (prezident Shavkat Mirziyoyev sharafiga), Ziroatxon (prezidentning turmush o‘rtog‘i Ziroatxon Mirziyoyeva sharafiga) va Saidaxon (prezidentning katta qizi Saida Mirziyoyeva sharafiga) ismlarini qo‘yishga qaror qildi. 5 may kuni uch egiz ota-onasiga ham Cobalt avtomobili topshirildi.

«Gazeta.uz» muxbiri bilan telefon orqali suhbatda Islomjon Isroilov avtomobilni Toshkentda olib kelishgani, biroq prezident sovg‘asi aynan kim tomonidan yuborilganini bilmasligini ma’lum qildi.

Qashqadaryo viloyati hokimiyatidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, Chiroqchi tumanida uch egiz ota-onasiga sovg‘a viloyat ma’muriyati tomonidan topshirilgan. «To‘rtta farzandi bor kam ta’minlangan oila edi. Bunday yordam tez-tez bo‘lib turadi. Kecha Qarshida [aholining zaif qatlamlariga] 20 ta kvartira topshirildi», — dedi suhbatdosh.

Toshkent hokimiyati poytaxtda «bunday tajriba hali bo‘lmaganini» qayd etdi.

Foto: Daryo.uz.

GM Uzbekistan vakili esa prezident sovg‘alari topshirilishiga kompaniyaning aloqasi yo‘qligini va uch egizlar ota-onalari uchun qancha avtomobil sotib olingani haqida ma’lumotga ega emasligini ta’kidladi.

6 may kuni «Gazeta.uz» O‘zbekiston prezidenti administratsiyasidan izoh ololmadi.