Tokio-2020 olimpiya o‘yinlarining tashkiliy qo‘mitasi vitse-prezidenti Toshiaki Endo O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turibdi. Kunchiqar yurt vakillari boshchiligidagi delegatsiya bugun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi.

Martabali mehmonni MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov kutib oldi. Har ikki tomonning o‘zaro suhbat jarayonida MOQ rahbariyati va mutasaddilari, Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Nabuaki Ito, shuningdek, qator OAV vakillari ham ishtirok etishdi.

Umid Ahmadjonov keng doiradagi suhbat davomida mehmonning yurtimizga qilgan tashrifidan behad mamnun ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

O‘z navbatida yaponiyalik mehmon xam so‘zi avvalida bunday tashrifdan xursand ekani va uni iliq kutib olishgani haqida gapirib berdi.

Shuningdek, suhbat davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, har ikki mamlakat terma jamoalari o‘rtasida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, tajriba almashish, murabbiylar malakasini oshirish masalalarida ham fikr almashdilar.

Suhbat yakunida ikki tomon vakillari o‘zaro sovg‘alar almashib, esdalik uchun suratga tushishdi. Shuningdek, martabali mehmon MOQ muzeyiga tashrif buyurib, o‘zbek sportinin tarixi bilan yaqindan tanishdi.

Toshiaki Endo kunning ikkinchi yarmida yaqinda qurib bitkazilgan «Humo» sport kompleksini ko‘zdan kechiradi.