Qozon shahri meri Ilsur Metshin ijroiya qo‘mitasi xodimlari va shahar Dumasi deputatlariga o‘quvchilarning ovqatlanish sifatini shaxsan tekshirish uchun may oyi davomida maktab oshxonalarida ovqatlanishga topshiriq berdi, deya xabar qildi RIA Novosti.

Amaldorlarning kuniga 69 rubl evaziga ovqatlanishlariga to‘g‘ri keladi — Qozon shahridagi maktablarda 5−11-sinf o‘quvchilari uchun tushlik narxi shunchani tashkil etadi.

«Biz yetarlicha oddiy yo‘l tutamiz: barcha 162 ta maktabni o‘zaro bo‘lishib olamiz. Va may oyida dushanbadan shanbaga qadar maktab oshxonalarida ovqatlanamiz. Har birimiz cho‘ntagimizga 69 rublni solib, ogohlantirmasdan boramiz va maktab oshxonasida tushlik qilamiz. Biroq menga nazoratchi kerak emas — biz qayerda muammo borligi, qayerda bino, o‘rindiqlar yetishmasligi, qayerda qanday qoidabuzarliklar mavjudligini aniqlashimiz kerak», — dedi Ilsur Metshin meriyadagi yig‘ilishda.

Merning qayd etishicha, maktablarda ovqatlanishni tashkil etishga yetarlicha e’tibor qaratilayotgani yo‘q va u bu yo‘nalishdagi ishlarni kuchaytirishni talab qildi.

Merning fikricha, mazkur masalani hal etish uchun ota-onalar qo‘mitalarini jalb etish lozim. Maktablarda ovqatlanish sifatini tahlil qilish bilan esa ijroiya qo‘mitasi xodimlari va mahalliy deputatlar band bo‘lishi zarur. Maktablarda ovqatlanishni tashkil etishga yozgi ta’til vaqtida o‘zgartishlar kiritilishi belgilangan.