9 may kuni Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida sodir bo‘lgan yong‘inda bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, yana biri shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi ma’lumotiga tayanib xabar qildi.

Yong‘in mahalliy vaqt bilan taxminan soat 14:30da (Toshkent vaqti bilan 10:30 da) ichida o‘zbekistonlik talabalar Mutal Yuldashev (1997 yilda tug‘ilgan) va Farrux Muminov (1996 yilda tug‘ilgan) bo‘lgan kvartirada sodir bo‘lgan. Natijada F.Muminov voqea joyida vafot etgan. M.Yuldashev ikkinchi darajali kuyish jarohatini olgan va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Hanil kasalxonasiga olib borilgan.

Konsul va yaqin do‘stlari ishtirokida marhumni aniqlash borasida amaliyot o‘tkazildi. Diplomatik vakolatxona vakillari M.Yuldashevning ahvolidan ham xabar oldi. Vrachlar bemorning holatini og‘ir deb baholamoqda.

Hozirda politsiya tomonidan yong‘in sabablarini va hodisaga sabab bo‘lgan boshqa barcha omillarni aniqlash uchun tergov olib borilmoqda.

O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq mazkur holat elchixona nazoratda ostida. Hanil kasalxonasi rahbariyati bilan muloqotda bo‘lib turibdi va fuqaro jasadini Vatanga jo‘natish masalasi ustida ish olib bormoqda.