Toshkent shahrining Chilonzor tumani Bog‘iston ko‘chasida 9 qavatli 24 ta uy bunyod etilishi loyihalashtirilgan. Hozirda 10 ta uyda qurilish yakunlanib, ichki va tashqi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevga uylarning qurilish texnologiyasi, sifati haqida ma’lumot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 21 dekabr kuni bu yerga kelib, qurilish maketlari bilan tanishgan, zarur ko‘rsatmalar bergan edi. Oradan besh oy o‘tib, bu yerda mavze paydo bo‘ldi.

Uylar innovatsion usullar asosida qurilgan bo‘lib, devorlari qo‘shimcha materiallar bilan qoplangan. Bu issiqlikni saqlash, energiyani tejash imkonini beradi. Isitish va sovitish tizimi har bir xonadonda mustaqil boshqariladi.

Prezident bu uylarning sifati, energiyani tejashi xalq uchun ma’qulligi, shu tajriba asosida mamlakatning boshqa hududlarida ham turar joylarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.