O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni Toshkentdagi Xotira maydoniga tashrif buyurdi. Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘yib, tinchlik uchun, avlodlar kelajagi uchun jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu sana munosabati bilan turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari ham Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘ydi. Bu yerga kelgan yoshlar ota-bobolari, bugungi yorug‘ kunlar uchun fido bo‘lgan insonlarni yod etib, tinchlik qadri va ahamiyati haqida xulosalar chiqardi.

Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri Toshkent botanika bog‘ida bo‘lib o‘tadi.