Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Mirzo Ulug‘bek tuman Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti katta tergovchisi bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining sudyasi Orif Qilichevning «Kuch adolatda» gazetasida e’lon qilingan maqolasida so‘z boradi.

2017 yil avgust oyida Turkiya fuqarosi Osmon Bozkurtga tegishli «Serbo Textile» mas’uliyati cheklangan jamiyatida 129 tonna tayyor trikotaj mahsuloti kamomadi aniqlanadi. Dastlabki surishtiruvlarda bu mahsulotlar talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ladi.

Shu bois huquqni muhofaza qiluvchi organga berilgan ariza tufayli ushbu holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tuman Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishi tuman prokuraturasi katta tergovchisi Valijon Aliyevga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) topshiriladi.

Jinoyat ishiga guvoh sifatida chaqirilgan O.Bozkurt o‘z tarjimoni bilan kelganidayoq tergovchi pora olish bo‘yicha oldindan o‘ylagan rejasini amalga oshirishga kirishadi. Dastlab tarjimon U.Akramovning uyali telefon raqamini so‘rab oladi. Tergovchi jinoyat ishi bo‘yicha jamiyat xodimlarini u orqali chaqirib turadi. Shu tarzda ikkovlon o‘zaro gaplashib, yaqin munosabatda bo‘lib qolishadi. Aslida V.Aliyevga mana shunday iliq munosabat kerak edi.

Tergovchi O.Bozkurtga tegishli yana bir korxona, ya’ni «Bf Textile Produktion» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati yuzasidan ham taftish o‘tkazishni boshlaydi. Shu munosabat bilan 2017 yilning oktyabr oyi oxirida tarjimonni o‘z xizmat xonasiga chaqiradi va unga fabrikaga teginmaslik, fabrikadagilarning aybini topilgan holda jarima qilmaslik va zararni to‘liq undirib berish evaziga 30 ming AQSH dollari berishini tushuntiradi. Tarjimon cho‘tal haqidagi xabarni ta’sischi O.Bozkurtga yetkazadi.

Buni eshitib, xorijlik investorning jahli chiqadi. Lekin agar «o‘g‘rilarni topib berib, hammasini qonuniy hal qilsa, zararni undirib bersa, mayli, aytganini beramiz» degan o‘y bilan pulni bir necha kunda taxt qilib berishini aytadi. Bu orada tergovchi tarjimonga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qilib, pulni tezroq yetkazishini talab qiladi.

Tez orada aytilgan mablag‘ yetkaziladi. Pulni qo‘lga kiritgan tergovchi tarjimonga jinoyat ishi bo‘yicha korxonaning boshqa faoliyatiga ko‘z yumishini, kamomad bo‘yicha aybdorni besh kun ichida topib, jazoga tortishini ma’lum qiladi.

Bir necha kundan so‘ng tergovchi yana tarjimonga qo‘ng‘iroq qilib, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida jamiyatdan sotilgan to‘qimachilik mahsulotlari aniqlanganini aytadi. Korxona mutaxassislari bilan birgalikda o‘sha joyga borib kelish zarurligini tushuntiradi. Ikki nafar xodim tergovchi bilan birga Uchko‘prik tumaniga yetib boradi. U yerda topilgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirib, omborga topshirib kelishadi.

Qarasaki, tergovchidan hamma mamnun, barcha ishlar va’da bo‘yicha ketyapti. Bundan foydalangan V.Aliyev yana tarjimonga «yoriladi». Unga yaqinda to‘yi bo‘layotganini, 5 ming dollar zarurligini aytadi. Tarjimon bu haqda O.Bozkurtga aytadi. O.Bozkurtning ham so‘ralgan mablag‘ni berishdan boshqa iloji qolmaydi.

Ayni chog‘da, oradan vaqt o‘tgan sari tergovchi juda sust harakat qilayotgani xorijlik investorning noroziligiga sabab bo‘ladi. O.Bozkurt tarjimonga hali ham asosiy ayblanuvchilar topilmagani uchun jahli chiqayotganini bildiradi. Tergovchi va’dasini unutganini, shuning uchun kamomadni qoplash choralari ko‘rilmagani, aybdor shaxslar aniqlanmaganini aytadi. Tergovchi bilan jiddiyroq gaplashish uchun uni chaqirtirishni talab qiladi. Shundan so‘ng V.Aliyev, O.Bozkurt va U.Akramov uchrashadi. Shunda tergovchi tarjimonga qarab:

— Xo‘jayininga tushuntir, ozroq kutib tursin, vahimaga asos yo‘q. Aybdorni tez kunda qamoqqa olaman.

Biroq tergovchi jinoyat ishi bo‘yicha aniqlangan zararni to‘liq undirmay, qolaversa, jinoyat ishi bo‘yicha faqatgina 3 nafar shaxsni ayblab, asosiy ayblanuvchilarga chora ko‘rmay, ishni sudga yuboradi. Ammo sud tomonidan jinoyat ishi qo‘shimcha tergovga qaytariladi. Shunda tergovni yana V.Aliyev davom ettiradi. Va yana «eski hunari"ni boshlaydi.

Jabrlanuvchiga «To‘yda qarz bo‘lib qoldim, 15 ming dollar bersangiz, barcha jinoyatchilarni topib, yetkazilgan zararni to‘liq undirib beraman» deb va’da beradi. O.Bozkurt yonidan 7 ming 500 AQSH dollari chiqarib unga tutqazadi.

Shunday qilib, tergovchi V.Aliyev xorijiy investor O.Bozkurtning jami 47 ming 300 dollari miqdoridagi pulini shilib oladi. Lekin do‘ppisi tor kelgan tergovchi va’dasini bajara olmaydi. Uning quruq va’da bilan aldab yurganini tushungan jabrlanuvchi oxir-oqibat huquq-tartibot organiga murojaat qiladi. Natijada tergovchi 15 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi.