Samarqand shahrida «Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti» Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasining filialini tashkil etish to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qaror bilan Samarqand shahrida «Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti» federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasining filiali tashkil etildi.

Filial faoliyatining asosiy vazifasi xalqaro talablarga muvofiq jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish sohasidagi vazifalarni yuqori darajada bajarishga qodir malakali kadrlar tayyorlashdir.

Filial Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan ta’limning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiruvchi oliy ta’lim muassasasidir.

Filialda ta’lim Rossiya Federatsiyasi federal ta’lim standartlariga muvofiq rus tilida amalga oshiriladi.

Filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.

Filial kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojdan kelib chiqib, 2019/2020 o‘quv yili va keyingi yillar uchun talabalarni qabul qilish kvotalari hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarini belgilaydi.