Xalq ta’limi vazirligi «Davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalarga umumiy o‘rta ta’lim berishni tashkil etish to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini muhokama uchun joylashtirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur hujjat bilan davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalarga umumiy o‘rta ta’lim berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash rejalashtirilgan.

Nizom loyihasiga ko‘ra, davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari davlat ta’lim standartlari hamda ular asosida ishlab chiqilgan maxsus ta’lim (aqli zaif va ruhiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar uchun) talablariga muvofiq har bir shaxsning ta’lim va tarbiya olishdagi konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish, ularning umumiy o‘rta ta’lim olishini va bilish imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalash maqsadida tashkil etiladi.

Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim olish bepul amalga oshiriladi va ta’lim olish tilini tanlash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

• o‘quvchilar tomonidan muntazam bilim olinishini ta’minlash, ularning bilim olish ehtiyojini qondirish;

• o‘quvchilarda milliy hamda umumbashariy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish asosida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, ularning ta’lim-tarbiya olishlari uchun shart-sharoit yaratib berish;

• o‘quvchilarning umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari hamda ular asosida ishlab chiqilgan (aqli zaif va ruhiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar uchun) maxsus ta’lim talablariga muvofiq bilim olishlarini ta’minlash;

• ta’lim berish jarayonida o‘quvchilarning sog‘lig‘ini himoyalovchi dars jadvaliga rioya etilishini ta’minlash.

Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari ixtisoslashuviga muvofiq quyidagi turlarga bo‘linadi:

• I — sil kasalligi va uning shakllariga chalingan bolalar uchun davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari;

• II — tayanch tizimi kasalliklari va ularning asoratlariga chalingan bolalar uchun davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari;

• III — ruhiy asab kasalliklariga chalingan bolalar uchun davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari.

Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich ta’lim (I — IV sinflar) hamda umumiy o‘rta ta’lim (I -XI sinflar) bosqichlaridan iborat bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.

O‘quvchini davolash-profilaktika muassasasiga davolash uchun qabul qilinganligi, uni davolash-profilaktika muassasasi qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qabul qilish uchun asos hisoblanadi.

O‘quvchilarni davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga qabul qilish hamda ularga ta’lim berish belgilangan tartibda vaqtinchalik tashkil etiladi.

30 kun va undan ortiq davr mobaynida davolanadigan o‘quvchi yoshidagi bemorlar davolash-profilaktika muassasasi qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qabul qilinayotganda o‘zi ta’lim olayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining rahbariyati tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan yozma ma’lumotnoma taqdim etadi.

O‘quvchi davolash-profilaktika muassasasiga qabul qilingandan boshlab bir kun muddatda yoshi va umumiy o‘rta ta’lim maktabi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomaga muvofiq sinfga biriktiriladi va davolanishga qadar maktab rahbariyatiga davolash-profilaktika muassasasi qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi mudiri tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan yozma ma’lumotnoma yuboriladi.

Davolash-profilaktika muassasasi qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida sinflardagi o‘quvchilar soni 10−20 nafarni tashkil etadi. Sinfdagi o‘quvchilar soni yetarli bo‘lmagan hollarda boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar (1−3-sinf, 2−4-sinf, 1−4-sinf) komplekt sinflarga birlashtiriladi. Yuqori sinflarda o‘quvchi sonidan qat’i nazar sinflar ochishga ruxsat beriladi. Dars soatining davomiyligi 40 daqiqadan iborat bo‘ladi.

O‘qituvchilarni zarur darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar hamda sinf jurnallari bilan ta’minlash maqsadida davolash-profilaktika muassasasi hududiy joylashuviga ko‘ra tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga buyurtma beradi.

Buyurtmaga asosan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi o‘quvchilarni bepul ravishda darsliklar, o‘qituvchilarni o‘quv-metodik qo‘llanmalar hamda sinf jurnallari bilan ta’minlaydi.

Og‘ir va avj oluvchi kasalliklarga chalingan, shuningdek, jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan o‘quvchi davolovchi shifokor tavsiyasiga ko‘ra, sog‘lig‘ini himoyalovchi rejimga o‘tkazilishi, ayrim fanlar bo‘yicha dars mashg‘ulotlaridan ozod etilishi yoki dars soatlarining davomiyligi qisqartirilishi mumkin. Bunda, albatta, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (keyingi o‘rinlarda ota-onalar deb ataladi) bilan kelishilishi shart.

Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida olib borilgan darslar o‘qituvchi tomonidan belgilangan tartibda sinf jurnalida qayd etib boriladi.

O‘quvchi davolanib, davolash-profilaktika muassasasidan chiqarilayotganda, ta’lim olgan umumiy o‘rta ta’lim maktabiga taqdim etish uchun uning ota-onasiga sinf jurnalidan ko‘chirilgan baholar qaydnomasi (ma’lumotnomasi) beriladi. Ushbu qaydnoma davolash-profilaktika muassasasi qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi mudiri tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan bulishi zarur.

Davolash-profilaktika muassasasi qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining filiallarida ta’lim jarayoni o‘quv rejasiga muvofiq davolash-profilaktika muassasasi yaqinidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilar tomonidan amalga oshiriladi.

Davolash-profilaktika muassasasi qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo‘shimcha haq to‘lanadi.