«O‘zbekiston 24» telekanalining «Yangiliklar 24» dasturi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodiga (NQIZ) tashrifi to‘g‘risidagi lavhani namoyish qildi. Ko‘rsatuv doirasida Indoneziyaning PT Trans Asia Resources kompaniyasi rahbarlari Azam va Omon Aslanov NQIZ muammolari va uni yanada rivojlantirish haqida so‘zlab berdi.

Dasturda qayd etilishicha, 1959 yilda qurilgan zavoddagi texnologiyalar eskirgan. Farg‘ona NQIZ direktori Rustam Abdukarimov neft xom ashyosining yetishmasligi zavodning eng katta muammosi ekani, bu qazib olish va yetkazib berish tizimli kamayib borayotgani bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.

«Bu o‘z-o‘zidan zavod quvvatining pasayishiga olib keldi. O‘tgan yili mazkur ko‘rsatkich zavod quvvatining bor-yo‘g‘i 22 foizini tashkil etdi. Bu esa ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxining ko‘tarilishiga ham olib keldi. Mazkur ko‘rsatkich esa zavodning eksport salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bizning mahsulotlar qimmatligi bois tashqi bozorda talabgir emas», — dedi u.

Qayd etilishicha, NQIZni uch bosqichda modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Loyihada Amerikaning Honeywell UOP, Fransiyaning Axens va Daniyaning Haldor Topsoe kompaniyalari ishtirok etishi kutilmoqda.

Prezident loyihani amalga oshirish bo‘yicha batafsil yo‘l xaritasini ishlab chiqishni topshirdi. «O‘zbekiston tarixida bunday hodisa hali bo‘lmagan — shunday yirik korxona investorlar boshqaruviga topshirildi», — deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltirdi «Yangiliklar 24».

PT Trans Asia Resources kompaniyasi (Indoneziya) boshqaruvchi direktori Omon Aslanov Farg‘ona NQIZ yoqilg‘i-moy profilli mintaqadagi noyob zavod ekanini ta’kidladi.

«Avvaliga biz mahalliy bozorni mo‘ljal olamiz, biroq bizning qo‘shnilarimiz — Tojikiston, Qirg‘iziston ham bor, neft mahsulotlariga ehtiyoji bo‘lgan Afg‘oniston haqida ham unutmasligimiz kerak. Zavodning keyingi rivoji yaqin qo‘shnilarimiz ehtiyoji va talabiga bog‘liq bo‘ladi. Ko‘proq eksportga yetkazib berish uchun, albatta, kengaytiramiz», — dedi ishbilarmon.

PT Trans Asia Resources kompaniyasi prezidenti Azam Aslanov zavodni yarim yil davomida o‘rganish uchun yetakchi konsalting va injiniring kompaniyalari jalb etilganini ma’lum qildi.

«Shundan so‘ng biz hukumat tomonidan qabul qilingan taklifni berdik. Biz mamnunmiz. O‘ylaymanki, zavod yaqin vaqtlarda rentabel bo‘ladi. Agar biz uch yil ichida xohlaganlarimizni amalga oshira olsak, bu Markaziy Osiyodagi eng yaxshi korxonalardan biri bo‘ladi», — dedi sarmoyador.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zavod ishlab chiqarayotgan Ai-80 rusumli benzin to‘laqonli sotilayotgani yo‘q.

«Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan Ai-80benzini to‘laqonli sotilayotgani yo‘q. Hozirda barcha gazga o‘tgan va Ai-80 talabgir emas. Shuning uchun zavod o‘zining barcha mahsulotlarini sota olgani yo‘q. U narx siyosati bo‘yicha raqobatbardosh bo‘lishi uchun zavod albatta rekonstruksiya qilinishi, „Yevro-4“ va „Yevro-5“ (standartlari — tahr.) joriy etilishi lozim. O‘shanda sotish bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi. Bu, tabiiyki, tannarx balansiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», — deb hisoblaydi Azam Aslanov.

Avvalroq 2019 yilda zavodga eng kamida 300 mln dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etilishi xabar qilingan edi. Ushbu mablag‘lar hisobiga ikki oy ichida avval to‘xtab qolgan 11 uskunaning 7 tasi faoliyati qayta tiklanadi. 7100 ta ishchi o‘rni saqlab qolinadi, 450 kishi ishga qaytadi.

Zavodni xom ashyo bilan ta’minlash hajmini ikki barobar oshirish orqali oyiga 100 mlrd so‘m miqdorida soliq tushumlarini ta’minlash rejalashtirilmoqda. 2020 yildan boshlab NQIZda «Yevro-4» va «Yevro-5» standartidagi dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, kompaniyaga yiliga 3 mln tonna neftni yetkazib berish va neft mahsulotlarini sotish bo‘yicha shartnomalar imzolash, shuningdek kuniga 8220 tonna neftni qayta ishlashni hisobga olgan holda yetti kunlik zaxirani ta’minlash vazifasi topshirilgan. Bularning barchasi qurilmalar ishga tushirilgunga qadar amalga oshirilishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 10 apreldagi qaroriga binoan, PT Trans Asia Resources 16 mln dollar miqdoridagi dastlabki xarid to‘lovini amalga oshirgan holda «O‘zneftgazmahsulot"ning Farg‘ona NQIZdagi 100 foizlik ulushiga ega bo‘ldi.

Azam va Omon Aslanov 2000 yildan buyon Buyuk Britaniyada ro‘yxatga olingan qimmatbaho metallar rudalarini qazib olishga ixtisoslashgan «Transal Limited» kompaniyasi (London) direktorlar kengashi a’zosi hisoblanadi.

Britaniyalik aka-uka tadbirkorlar Saymon va Devid Ruben saytining The Times nashriga tayanib yozishicha, o‘zbekistonlik Aslanovlar oilasi bosh qarorgohi Jakartada (Indoneziya) joylashgan hamda Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari hududida mineral resurslar (ko‘mir, oltin, mis, nikel) sohasida aktivlarga ega TransAsia Minerals xususiy xalqaro tog‘-kon kompaniyasining 70 foiziga egalik qiladi.