2019 yilning 5 may — 5 iyun kunlari barcha adliya organlari va muassasalarida «Huquqiy madaniyat va Odob-axloq oyligi» deb nomlandi. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

«Huquqiy madaniyat va Odob-axloq oyligi"da quyidagi tabdirlarni amalga oshirish belgilandi:

xodimlarni qonunlarga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, har bir xodimda qonunga hurmat tuyg‘usini shakllantirishni ta’minlash;

joylarda aholiga sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash, shu jumladan xodimlarning tashkilotlar, o‘quv yurtlari va mahallalarda uchrashuvlarini tashkil etish va aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish;

xodimlarning huquqiy bilimi va huquqiy madaniyati, ularning qonunlarni bilishlari va unga amal qilishlarini, o‘z faoliyatlarida oqilona qo‘llay oladigan tarzda huquqiy bilimga ega bo‘lishini ta’minlash;

adliya organlari va muassasalari xodimlari orasida korrupsiyani oldini olish va uni bartaraf qilish;

«Ochiq eshiklar kuni» tadbirini tashkil etish;

adliya organlari va muassasalarida «Huquqiy bilimlar kuni"ni tashkil etish.

«Huquqiy madaniyat va Odob-axloq oyligi"ni tashkil etishdan maqsad adliya organlari va muassasalarida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, ular sodir etilishining sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish, shuningdek adliya organlari xodimlarining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish va ularni qonun hujjatlariga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga qat’iy rioya qilish ruhida tarbiyalash hisoblanadi.