Toshkentda soxta milliy valyutalarni tayyorlash va sotishda gumon qilingan shaxslar qo‘lga olindi, deya xabar berdi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

4 mayga o‘tar kechasi Toshkent viloyatidadan muqaddam sudlangan 24 yoshli Sardor Sh., Toshkent viloyatidadan 24 yoshli Bexzod T., Toshkent viloyatidadan 20 yoshli Ibrohim X. va Andijon viloyatidan 23 yoshli Xumoyunbek O. Toshkentning Chilonzor tumaniga kelib, 23 yoshli Shoira A.ga yetti dona 100 ming so‘mlik pulni sotadi.

Qiz ushbu banknotlardan birini 33 yoshli Xamidullo M. — xususiy taksichilik bilan shug‘ullanuvchi Nexia haydovchisiga beradi. Taksichi pulning soxtaligini aniqlagach, bu haqda shu yaqin-atrofda xizmat faoliyatini olib borayotgan Toshkent IIBB YPX inspektoriga ma’lum qiladi.

Yoshlar minib kelgan avtomobil xuddi shu kuni aniqlanib, 3:30 da to‘xtatildi. Tekshiruv vaqtida avtomobilda 100 ming so‘m nominaldagi 51 dona soxta banknot, milliy valyuta chop etilgan 25 dona A4 formatidagi qog‘oz va soxta pullarni chop etishda qo‘llanilgan Canon printeri mavjudligi aniqlandi.

Sud-kriminalistika ekspertizasi ish bo‘yicha olingan barcha 58 ta 100 ming so‘mlik kupyuralarning soxta ekanini tasdiqladi.

Qo‘lga olinganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-modda 2-qismi (soxta pullar, aksiz marka yoki qimmatli qog‘ozlarni tayyorlash va sotish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qo‘lga olinganlardan biri Sardor Sh. yoshlar Toshkentning har xil tumanlarida soxta pullarni sotganini tan oldi.

Eslatib o‘tamiz, 100 ming so‘mlik yangi kupyuralar fevralda chiqarilgan edi. Unda Mirzo Ulug‘bek, uning rasadxonasi, astronomik asboblar va Quyosh tizimi tasvirlangan.