Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Galaxy tish pastasini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonaga qadog‘ida Colgate dizaynini imitatsiya qiluvchi mahsulotni sotishni to‘xtatishga buyruq berdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Qo‘mitaga Amerikaning Colgate-Palmolive kompaniyasidan O‘zbekistonning Torimed Pharm MCHJ tomonidan intellektual mulk huquqi buzilgani to‘g‘risidagi murojaat kelib tushdi. Mahalliy korxona Galaxy mahsulotining tashqi ko‘rinishini Colgate savdo belgisi bilan almashtirish darajasiga qadar o‘xshatgan.

Colgate-Palmolive kompaniyasi Colgate so‘zini qo‘llagan holda savdo belgisi ostida tish pastalarini ishlab chiqaradi. Torimed Pharm korxonasi ham tish pastasi ishlab chiqaradi, 2016 yilda u «Galaxy, Galaksi, Galaksi» savdo belgisiga guvohnoma olgan.

Biroq tish pastasi yelim idishlari va qadog‘idagi ranglar hamohangligi va boshqa belgilar Colgate-Palmolive kompaniyasi ishlab chiqaradigan mahsulot tashqi ko‘rinishini eslatadi. Shunday ekan, iste’molchida tish pastasini ishlab chiqaruvchiga nisbatan ikkilanish paydo bo‘lishi mumkin, deya qayd etdi qo‘mita.

Nosog‘lom raqobatga olib keluvchi holat yuzasidan qo‘mita tomonidan Torimed Pharm korxonasiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Qo‘mita tomonidan «Raqobat to‘g‘risida"gi O‘zbekiston qonunining 13-moddasi buzilgan deb topildi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchiga Colgate-Palmolive kompaniyasi mahsulotlari qadoqlarini eslatuvchi qadoqqa ega mahsulotlarni sotuvdan olish, omborxonadagi qadoqlarni yo‘q qilish majburiyati yuklatildi.