Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 maydagi qarori bilan Qurilish loyihalarini ekspertizadan o‘tkazuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, qurilish loyihalarini ekspertizadan o‘tkazuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiya qilish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat qilinadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tiladi.

So‘rovnoma to‘ldiriladi hamda unga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

zarur bino-inshoot hamda asbob-uskunalar va inventarning talabgorga tegishliligini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari;

mutaxassislar diplomlari nusxalari.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatilganligi uchun eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

So‘rovnoma to‘ldirilganidan so‘ng Davlat xizmatlari markazlari bir soatda uni Qurilish vazirligiga yuboradi.

Qurilish vazirligi so‘rovnoma tushganidan boshlab 7 ish kunida guvohnoma berish uchun hisobvaraq-fakturani guvohnoma berishning yig‘im qiymatini (eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida) ko‘rsatgan holda Davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP orqali talabgorga yuboradi.

Talabgor bir oyda yig‘imni to‘lashi lozim.

Qurilish vazirligi yig‘im to‘langanidan so‘ng bir ish kunida guvohnomani elektron shaklda rasmiylashtiradi va Davlat xizmatlari markazlariga yoki YAIDXP orqali talabgorga yuboradi.

Davlat xizmatlari markazi guvohnoma tushganidan so‘ng 10 minutda uni talabgorga yuboradi.